Kompyuter texnikasi ishlab chiqaruvchi ASUS kompaniyasi kelasi yili monitorlar bozorida yetakchilikni saqlab qolishiga ishonchi komil. Bu haqda DigiTimes nashri xabar bermoqda.
ASUS’ning monitorlar ishlab chiqarish bo‘linmasi prezidenti yordamchisi Vinsent Tsyuning ma'lum qilishicha, o‘yin monitorlarini ishlab chiqaruvchilarning ko‘paygani kompaniyani xavotirga solmayapti. Kompaniya vakilining fikricha, bozordagi raqobat yangi texnologiyalar va mahsulotlarni ishlab chiqishga turtki beradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ASUS 2017 yilda ham geymerlarga mo‘ljallangan monitorlar yetkazib beruvchilar orasida yetakchilikni saqlab qoladi. Kompaniya monitorlari nafaqat Yevropa va AQShda, balki Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Xitoyda ham katta talabga ega bo‘lmoqda.
Taxminlarga ko‘ra, 2017 yilda barcha turdagi o‘yin monitorlari 2,5 million nusxada ishlab chiqariladi. O‘yin uskunalariga bo‘lgan talab ekran hajmining kattaligi, biroz buklangan konstruksiya va yangilanish takroriyligining oshishi bilan bog‘liq.