Uber sobiq xodimi kompaniyani foydalanuvchilarni kuzatishda aybladi

Fan-texnika 10:07 / 13.12.2016 2893

Uber’ni o‘zining sobiq xodimi sudga berdi. Shikoyat arizasida aytilishicha, kompaniya mashhur insonlar, siyosatchilar, o‘z ishchilari va oddiy foydalanuvchilarni kuzatib borgan. Bu haqda Reveal nashri yozmoqda.

Kompaniya xavfsizlik xizmatida ishlagan Uord Spangenbergning fikricha, servisdan foydalangan barcha insonning shaxsiy ma'lumotlari xavf ostida solmoqda. Uning aytishicha, xodimlar yigitlarga o‘z sevgililarini kuzatish va mashhurlar haqida ma'lumot topishga yordam berishgan.

Uber ikki yil avval ham shaxsiy ma'lumotlar bilan bog‘liq mojaroga aralashib qolgandi. O‘shanda God View maxsus funksiyasi sabab nizo kelib chiqqan – u servisning barcha foydalanuvchilarini real vaqt rejimida o‘zlarining roziligisiz kuzatish imkonini bergan.

Spangenbergning ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniyada ishlovchi minglab xodimlar foydalanuvchilar qachon va qayerdan xaridni amalga oshirishlari haqidagi xabarni olishlari mumkin. 

Uber’ning bayonotida esa “kompaniya xavfsizlikka investitsiya kiritishni ko‘paytirayotgani” aytilgan. Ta'kidlanishicha, ularda xavfsizlik bo‘yicha yuzlab mutaxassislar ishlaydi va ular ma'lumotlar xavfsizligini ta'minlash uchun “tinimsiz” mehnat qilishadi.

Kompaniya menejyer va yuristlarda ma'lumotlardan foydalanish imkoni borligini tasdiqladi. Ular bu ishni faqatgina xizmat yuzasidan amalga oshirishlari ma'lum qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: