Rossiyada yangi avtomobillar savdosi noyabr oyi yakunlariga ko‘ra 0,6 foizga o‘sgan. Mamlakatda jami 132 ming 342 mashina sotilgan. Shunday qilib, 2014 yil dekabr oyidan buyon birinchi marta Rossiya avtomobil bozori o‘sishni qayd etdi. Bu ma'lumotlar «Yevropa biznes assotsiatsiyasi» hisobotida keltirilgan.
Noyabr oyi yakunlariga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqaruvchilari orasida birinchi o‘rinni Lada egallagan. Mahalliy kompaniya bir oyda jami 25 ming 507 dona mahsulot sotgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga ko‘p demakdir. Ikkinchi o‘rinni Hyundai kompaniyasi egallagan. U 15 779 ta avtomobil sotishga erishgan. Uchinchida Janubiy Koreyaning yana bir vakili Kia 14 651 dona avtomobil sotish bilan joylashgan.
RFda yengil va tijorat avtomobillari savdosining 2016 yil noyabr va 2015 yil noyabr oyiga doir ma'lumotlar
Noyabr oyida eng ko‘p sotilgan model Lada Granta bo‘lgan. Rossiya ishlab chiqaruvchisiga tegishli sedan va liftbek modellarini 8 ming 516 kishi xarid qilgan. Biroq, aslida bu ham o‘tgan yil noyabr oyi natijasidan 484 avtomobilga kamdir. Ikkinchi eng avtomobil sifatida Kia Rio (8 408 avtomobil) qayd etilgan. Uchinchida 8 259 ta mashina bilan Hyundai Solaris turibdi.
RFda 2016 yil noyabr va 2015 yil noyabr oyida eng ko‘p sotilgan Top-25 modellar ro‘yxati
2016 yil boshidan beri Rossiyada 1 million 279 ming 987 ta avtomobil sotilgan. Bu 2015 yilning 11 oylik natijasidan 12 foizga kamdir.