Turli xil reytinglar tuzishi bilan dong taratgan Forbes jurnali dunyoning eng katta haq oladigan videoblogerlarining yangi ro‘yxatini e'lon qildi. Unga ko‘ra, 27 yoshli shved Feliks Kellberg ikkinchi yildirki, dunyoning eng ko‘p daromad qilgan YouTube blogeri unvoniga sazovor bo‘lgan. PewDiePie niki bilan faoliyat yurituvchi Feliks 2015 yil iyunidan 2016 yil iyuniga qadar 15 mln dollar ishlab topgan, deb xabar qilmoqda Forbes jurnali.
PewDiePie Let's play janridagi videolarni joylashtiradi, ya'ni videoo‘yinlarni bevosita o‘ynash chog‘ida ularni sharhlab boradi. Uning kanaliga 50 milliondan ortiq foydalanuvchi a'zo. Feliksning joriy yildagi daromadi 20 foizga o‘sgan. Bunga uning kitob chiqargani ham sabab bo‘lgan.
Forbes reytingining ikkinchi o‘rniga pranker Roman Etvud joylangan. Uning bir yilda ishlab topgan daromadi 8 mln dollarni tashkil etadi.
Uchinchi o‘ringa stendap-askiyachi Lilli Singx munosib ko‘rilgan. Uning bir yilda ishlab topgan mablag‘i o‘tgan yilgidan 3 marta ko‘payib, 7,5 mln dollarni tashkil etgan. Singx kanaliga 10,2 million foydalanuvchi a'zo bo‘lgan.
Umuman, jurnal tahririyati reytingga 12 nafar videoblogerni kiritgan. Ular bir yilda jami 70,5 million dollar daromad ko‘rgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 23 foiz ko‘p demakdir.