Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning Telegram’dagi rasmiy kanaliga 27 noyabr kuni viloyatdagi bir guruh maktab o‘quvchilari 3 kunlik harbiy xizmatga jo‘natilayotgani aks etgan video yuklandi.
Qayd etilishicha, hududdagi 20 ga yaqin umumta’lim maktablaridan yuzlab bitiruvchi sinf o‘quvchilari 3 kunlik harbiy xizmatga borib qaytishga ulgurgan.
“…viloyatimiz hokimi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu tashabbusni Andijon yoshlari katta hursandchilik ila qarshiladi”, – deyiladi xabarda.
Viloyat hokimligi matbuot kotibi Muslimbek Ibrohimovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 100 ta maktabda uchrashuv o‘tkazilib, hokim Shuhrat Abdurahmonovning ushbu tashabbusi taklif etilgan. Vaziyati, dars soatlari mos kelgan maktablar bunga rozi bo‘lgan.
“Shunga nima deysizlar desa, endi o‘zbek yigitlari, qizlari yaxshi tushunsa kerak, “bajonidil ketdik, iloji bo‘lsa hozirning o‘zida” [deydi]. Masalan, meni olib ketsa, ishimni tashlab hozir ketardim, yana qayta qabul qilsa. [Armiya] boshqacha olam, insonning ko‘ngli bilan bog‘liq. Shunday qilib xursandchilik bilan qabul qilishyapti.
Asosan bitiruvchi sinflar jalb qilinadi, chunki ularning chaqiruvga tayyorlash, mehnat darslari bor. Aytaylik, bir oy davomida shu darslar 20 yoki 50 soatni tashkil qilsa, shu “raspisaniye”larga moslashtirgan holda borib kelsa, bo‘ladi. Albatta, bu bir tomonning aytgani bilan bo‘lib qolmaydi, bunda chegara qo‘shinlari, Mudofaa, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari va undan keyin Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasining ishtiroki bor. Shunga qarab, shular bilan hamjihatlik, hamkorlikda ko‘rib chiqib tashkil qilinadi.
Bundan keyin yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha 3 kunlik armiyaga olib boringlar degan topshiriq yo‘q, lekin olib borib, ko‘rsatib, yaqindan tanishtirish, xalq va armiya yakdilligini ta’minlash degan bandlar bor”,– deydi u.
Ibrohimovga ko‘ra, ayni amaliyotning natijasi ijobiy bo‘lgan, bundan barcha – o‘qituvchi, ota-ona, yoshlar xursand.
“Ota-onalar [ichida] birorta norozilik bildirganlari yo‘q. Hammasi qo‘llab-quvvatladi, indamay turgani ham yo‘q. 100 foizi "qilinglar, yana qilinglar, har oy qilinglar kerak bo‘lsa" deyishyapti.
O‘qituvchilarga ham ma’qul. O‘quvchisi borib kelsa, taassurotlar almashadi. Yanayam dunyoqarashi kengayadi, tasavvuri oshadi. [O‘quvchilarning] darslarda o‘tirishi, o‘qituvchi bilan o‘rtasidagi hurmat oshadi, bunga xizmat qilyapti. Amaliyot isbotlab berdi shuni. Armiyaga borib kelgandan keyin maktabga bo‘lgan munosabatda ham keskin o‘zgarish bor”, – dedi matbuot kotibi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, maktab ma’muriyatiga to‘g‘ri kelsa, o‘quvchi va ota-onalarga yoqsa, bu amaliyot yana davom ettiriladi. Buning uchun hokimiyat tayyor ekani, takliflar berilishini ma’lum qildi.
“Bunday tadbirlar belgilangan dars mashg‘ulotlari hisobidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq emas” – MMTV
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham Kun.uz’ga holat yuzasidan rasmiy munosabatini bildirdi. Unga ko‘ra, vazirlik yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi, ammo dars vaqtida amalga oshirilishini oqlamaydi.
“Bunday tadbirlar belgilangan dars mashg‘ulotlari hisobidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq emas. Andijondagi holat vazirlik tomonidan nazoratga olindi va o‘quvchilar dars paytida boshqa jarayonlarga jalb etilmasligi yuzasidan ko‘rsatma berildi. Harbiy qismlar faoliyati bilan tanishtirilgan o‘quvchilarga o‘tilmay qolgan saboqlar o‘rnini qoplash maqsadida maktablarda qo‘shimcha darslar tashkil qilinadi”, – deyiladi izohda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15 noyabrda “O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori imzolangan. Ammo hujjatda 3 kunlik harbiy xizmat haqida so‘z yuritilmagan.
Qolaversa, “Jasorat maktablari”da o‘quv yili davomida ikki marta harbiy poligonlarda, har chorakda bir marta harbiy qismlarda amaliy mashg‘ulotlar olib borilishi belgilangan. Biroq bu band davlat umumta’lim maktablariga tegishli ekani qayd etilmagan.