Jamiyat | 15:44 / 03.12.2016
10929
2 daqiqa o‘qiladi

"Alloh nishonasi" qahrabosi auksionda sotiladi

Foto: Global Look Press

Bir yil avval topilgan va "Alloh nishonasi" deb atalgan noyob qahrabo (yantar) bu yil 12 dekabrga to‘g‘ri keladigan Muhammad payg‘ambarimizning (s.a.v.) tavallud topgan kunlarida auksionda sotiladi. Auktsiondan tushgan pullardan bir qismi saratondan aziyat chekuvchilarning davolanishiga sarflanadi, deb xabar berdilar tadbir tashkilotchilari "RIA Novosti" axborot agentligiga. 

Bu noyob qahrabo o‘tgan yilning avgustida Boltiq dengizi bo‘yida topilgan. U bu nomni unda mavjud bo‘lgan ikkita tasvir sababli olgan. Tasvirlardan biri arab tilida "Alloh" degan yozuvga aynan o‘xshaydi, ikkinchi tasvir esa ona qornidagi 6-haftalik inson homilasini eslatadi.

Ochiq onlayn-auksion 12 dekabrda o‘tkaziladi. Noyob toshning boshlang‘ich narxi 2 mln yevroni tashkil qiladi. 

"Biz "Alloh nishonasi" toshi Allohdan qo‘rquvchi va juda xudojo‘y odamning qo‘liga tushishini istaymiz, bu bizning qat'iy pozitsiyamizdir. Shuning uchun biz stavkani tasdiqlashdan oldin savdo g‘olibi bilan yozma suhbat o‘tkazamiz", deb aytdi manba.

Uning aytishicha, bu tosh uni qayta sotish niyatida bo‘lgan odamning qo‘liga tushmasligi uchun qilinadi.

"Savdodan tushgan mablag‘lardan bir qismi Rossiyadagi saraton bilan kasallanganlarni davolashga ixtisoslashgan jamg‘armalardan birining hisob raqamiga o‘tkaziladi", deb aytdi tadbir tashkilotchisi.

Mavzuga oid