Paxta bo‘yicha Xalqaro konsultativ qo‘mitaning 76-yalpi majlisi Toshkentda bo‘lib o‘tadi

Iqtisodiyot 16:22 / 10.11.2016 5225

Paxta bo‘yicha Xalqaro konsultativ qo‘mita (PXKQ)ga 1939 yilda AQShning Vashington shahrida asos solingan bo‘lib, uning maqsadi xalqaro darajada paxta yetishtirish va uni qayta ishlash sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga ko‘maklashish, shuningdek paxta tolasi eksporti va importida qatnashuvchi davlatlarni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Paxta bo‘yicha Xalqaro konsultativ qo‘mitaning har yillik yalpi majlislari dunyo paxta sanoati uchun o‘ta muhim bo‘lgan masalalar yuzasidan munozara maydonchasi vazifasini o‘taydi hamda ishlab chiqarish, iste'mol va savdo sohalari vakillari, davlatlarning arboblari uchun o‘zaro muanfaatli masalalar bo‘yicha maslahatlar olib borish imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasi 1992 yilda PXKQga to‘laqonli a'zo bo‘lib qo‘shilgan. 1996 yil oktabr oyida PXKQning har yillik yalpi majlisi Toshkent shahrida o‘tkazilgan edi.     

Joriy yilning 30 oktabr-4 noyabr kunlari Pokistonning Islomobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi to‘laqonli a'zo hisoblangan Paxta bo‘yicha Xalqaro konsultativ qo‘mita (PXKQ)ning 75-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis ishida qo‘mitaga a'zo davlatlarning 400 nafarga yaqin vakillari va 8 ta xalqaro tashkilot ishtirok etdi.   

O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z ma'ruzasi davomida majlis qatnashchilariga O‘zbekiston paxta sanoatida amalga oshirilayotgan tarkibiy yangilanishlar, iqtisodiyot o‘sishining barqaror yuqori sur'ati va diversifikatsiyasi, respublikamizning sanoat imkoniyatlari ortib borayotgani haqida batafsil ma'lumot berib o‘tildi.

Yakunda O‘zbekiston Paxta bo‘yicha Xalqaro konsultativ qo‘mita (PXKQ)ning doimiy a'zosi sifatida mazkur nufuzli tashkilotning 2017 yilgi yalpi majlisiga mezbonlik qilish va uni o‘tkazish bo‘ytcha taklifini bajonidil qabul qilishi hamda tadbir XIII Xalqaro paxta yarmarkasi bilan birgalikda o‘tkazilishi ma'lum qilindi.      

Shunday qilib, paxta bo‘yicha Xalqaro konsultativ qo‘mitaning 75-yalpi majlisi Deklaratsiyasiga ko‘ra, qo‘mitaning navbatdagi 76-yalpi majlisini 2017 yil Toshkent shahrida o‘tkazishga qaror qilindi.

Manba: uzpse.uz

Ko‘proq yangiliklar: