O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini nazorat qilish tizimi qayta ko‘rib chiqiladi

Iqtisodiyot 15:38 / 07.11.2016 21934

Kichik biznes va xususiy tadbirkorligi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida iqtisodiyotni muvaffaqiyatli va samarali rivojlantirishning muhim omili bo‘lib xizmat qilayotgani sir emas. Jumladan, Germaniyada “kichik iqtisodiyot”ning mamlakat YaIMidagi ulushi 80 foizdan ortiqni tashkil etib, mehnat bilan band bo‘lgan aholining 70 foizdan ortig‘ini ish bilan ta'minlaydi. Sanoati yuksak darajada rivojlangan Buyuk Britaniya, Kanada, AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi mamlakatlarda ham bu boradagi ko‘rsatkichlar yuqoridir.

Mamlakatimizda ham mazkur yo‘nalishda keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda. Kichik biznesning YaIMdagi ulushi 56,5 foizga, bandlikdagi ulushi 78 foizga yetdi. Ayni paytda iqtisodiyotning ushbu muhim tarmog‘ining samarali rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan qator to‘siq va cheklovlar mavjud. Ularni bartaraf etish Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning bosh maqsadlaridan.

Bu boradagi masalalarni hal etish uchun kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, shu orqali milliy iqtisodiyotni xususiy sektor tashabbuslarini rag‘batlantirish uchun samarali vositaga aylantirishga qaratilgan keng miqyosli choralar majmuini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Masalan, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, xususiy mulkni rivojlantirish va himoya qilish bo‘yicha ta'sirchan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga yanada ko‘proq erkinlik berish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni oldini olish nomzod dasturida ilgari surilgan asosiy vazifalar sirasiga kiradi. Buning uchun tadbirkorlik faoliyatini nazorat qilish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun yana bir rag‘bat sifatida tadbirkorlarning sud orqali himoyasini kuchaytirish hamda ularning javobgarligini liberallashtirish taklif etilmoqda. Bunda xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashgani uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirishga alohida e'tibor qaratiladi.
Shuningdek, saylovoldi dasturida soliq soliq boshqaruvi va bank faoliyatiga zamonaviy tartibga solish mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, ruxsat berishga oid hujjatlar va litsenziyalar berish tartib-taomillarini soddalashtirish mo‘ljallanmoqda.

Bularning barchasi, shubhasiz, mamlakatimiz “kichik iqtisodiyoti”ni yangi darajaga ko‘tarish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, pirovardida, Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning bosh maqsadi bo‘lgan xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Vatanimizning yorqin kelajagini barpo etishdan manfaatdor barcha fuqarolarimizni 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylovda faol ishtirok etish hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodi Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga ovoz berishga chaqiramiz.

O‘zLiDeP Matbuot xizmati.

Reklama huquqi asosida.

Ko‘proq yangiliklar: