Farg‘ona vodiysida 2ta yangi sement zavodi quriladi

Iqtisodiyot 15:42 / 07.11.2016 12919

Farg‘ona viloyatining «Jo‘ydam ta'mir qurilish» kompaniyasi hamda Xitoyning «Tongli» va «Shanfeng» shirkatlari ishtirokida qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati xabar bergan.

Shartnomaga ko‘ra, Andijon viloyatining Buloqboshi tumani hamda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani Sho‘rsuv shaharchasida har biri kuniga 4000 tonna sement ishlab chiqaruvchi ikki korxona qurib, foydalanishga topshiriladi.

Buloqboshi tumanida qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan. Xitoylik hamkorlar ushbu loyihaga 200 million dollaridan ortiq investitsiya kiritishi ko‘zda tutilgan. Korxonalarning qurilish ishlariga sarflanadigan mablag‘lar «Asaka» DATB va DT «Xalq banki» Farg‘ona viloyati filiallari tomonidan moliyalashtiriladi. 

Tsement ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xom ashyo 100 foiz mahalliy konlardan olinadi.

Qayd etishlaricha, hozirda Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan «Quvasoy sement» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar vodiy ehtiyojining 37 foizini tashkil etadi.

Yangi korxonalarning ishga tushishi hududda 1600 ga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etishi bilan birga, vodiy aholisining sementga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplaydi.

Ma'lumot uchun, Buloqboshi tumanidagi korxona 2017 yilning, O‘zbekiston tumanidagisi esa 2018 yilning oxirida qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: