Saudiya Arabistoni Eron sababli neft qazib olishni ko‘paytirish bilan tahdid qilmoqda

Iqtisodiyot 20:12 / 04.11.2016 6678

Saudiya Arabistoni agar Eron neft qazib olishning joriy hajmini muzlatishdan bosh tortsa, unda neft qazib olishni ko‘paytirish bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda OPeKdagi 4 ta manbaga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda

Ularning ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan OPeK davlatlari vakillari uchrashuvida Saudiya Arabistoni neft qazib olish hajmini kuniga 11-12 mln barrelgacha ko‘paytirishi va neft hajmini muzlatishni to‘xtatishi bilan tahdid qilgan.

Eron neft qazib olish hajmini cheklashdan bosh tortmoqda va bunday cheklovlardan ozod qilinishi kerakligini, chunki uning neft ishlab chiqarish sanoati sanksiyalar bekor qilingandan keyin endigina tiklanayotganini aytmoqda. Sentyabrda Eron kuniga 3,85 mln barrel neft qazib olgan va neft qazib olish hajmini kuniga 4,2 mln barrel hajmida muzlatishga tayyorligini ta'kidlamoqda. 

Saudiya Arabistoni vakillari esa Eron bu ko‘rsatkichni 3,66 mln barrel miqdorida cheklashi zarurligini ta'kidlashmoqda. Ana shundagina Saudiya Arabistoni o‘zining neft qazib olish hajmini 10,2 mln barrel miqdorda cheklashi mumkin.

OPeK rasmiy vakillari bu axborotga izoh berishdan bosh tortishdi, chunki uchrashuv yopiq eshiklar ortida o‘tgan. 

Saudiya Arabistoni 2014 yildan beri neft qazib olish hajmini rekord darajadagi 10,5-10,7 mln barrelga oshirdi. Agar u tomondan neft qazib olish hajmi yanada oshirilsa, unda bu neft narxining sezilarli pasayishiga olib kelishi mumkin.

 

Ko‘proq yangiliklar: