O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi 3,1 ming so‘mlik nuqtadan o‘tdi

Iqtisodiyot 17:20 / 31.10.2016 15805

O‘zbekiston Markaziy banki 2016 yil 1 noyabrdan boshlab valyuta operatsiyalari bo‘yicha buxgalteriya hisobi, statistik va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlari uchun xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatlarini belgiladi.

Unga ko‘ra, 1 AQSh dollari 3102 so‘m 18 tiyin etib belgilandi. Bu 1 hafta oldingi kursga nisbatan 18 so‘m 22 tiyinga ko‘p demakdir.

2016 yil 1 noyabrdan e'tiboran 1 yevro qiymati 3383 so‘m 74 tiyin (25 oktabrdagi kursga nisbatan 4 so‘m 61 tiyin arzon), 1 Xitoy yuani 458 so‘m 27 tiyin (25 oktabrdagi kursga nisbatan 2 so‘m 97 tiyin qimmat), 1 Rossiya rubli esa 49 so‘m 32 tiyin (25 oktabrdagi kursga nisbatan 6 tiyin arzon) etib belgilangan.

Yil boshiga nisbatan dollarning milliy valyutaga nisbatan kursi 285,71 so‘mga yoki 10,14 foizga o‘sdi.

AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbatan rasmiy kursi sentabr oyining o‘rtalarida birinchi bor 3100 so‘mdan oshgan edi.

Eslatib o‘tamiz, valyuta qiymatini belgilash chog‘ida Markaziy bank mazkur valyutalarni ushbu qiymatda sotish yoki sotib olish majburiyatini olmagan.

Ko‘proq yangiliklar: