Angola Xitoyga neft yetkazish bo‘yicha Saudiya Arabistoni va Rossiyadan o‘zib ketdi

Iqtisodiyot 18:50 / 24.10.2016 5750

Xitoy sentabrda Angoladan neft importini yillik ifodada 46 foizga, ya'ni 4,19 mln tonnagacha oshirdi. Natijada Afrika davlati Xitoyga neft yetkazib berish bo‘yicha Rossiya va Saudiya Arabistonini ortda qoldirib, 1-o‘ringa chiqib oldi. Bu haqda Xitoy bosh bojxona boshqarmasi ma'lumotlariga iqtibos keltirgan holda "Interfaks" axborot agentligi xabar bermoqda

Xitoyga neft yetkazib berish bo‘yicha 3-o‘ringa tushib ketgan Rossiyadan neft sotib olish sentabrda yillik ifodada 2,1 foizga, ya'ni 3,96 mln tonnagacha kamaydi. Saudiya Arabistonidan Xitoyga neft eksporti 1,3 foizga, ya'ni 3,8 mln tonnagacha kamaydi va 2015 yil noyabridan beri qayd qilingan minimal ko‘rsatkich bo‘ldi.

Umumiy hisobda Xitoy sentabrda  33,06 mln tonna, ya'ni o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 18,3 foizga ko‘proq neft import qildi.

Saudiya Arabistoni yanvardan sentabrgacha Xitoyga 38,75 mln tonna, Rossiya 38,1 mln tonna, Angola esa 34,4 mln tonna neft yetkazib berdi. 

19 oktabrda Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2021 yilgacha neftning Brent, Dubai Crude va WTI navlari narxi bir barrel uchun 60 dollardan oshmasligi haqidagi prognozni chop etgandi.

Reuters axborot agentligi sentabrda Rossiya avgustda Xitoyga eng ko‘p neft yetkazib bergan davlat bo‘lganini ma'lum qilgandi. 

 

Ko‘proq yangiliklar: