Yaponiya kompaniyalari Navoiy IES bug‘-gaz qurilmasini barpo etadi

Iqtisodiyot 11:51 / 20.10.2016 12498

Yaponiyaning Mitsubishi Corporation va Mitsubishi Hitachi Power Systems Ltd. (MHPS) kompaniyalari «Navoiy Issiqlik elektrostansiya»ning 450 mVtlik ikkinchi aralash siklli bug‘-gaz uskunasini qurib beradi. Mitsubishi Corporation bayonnomasiga ko‘ra, «O‘zbekenergo» AJ loyihani yapon kompaniyalariga ishonib topshirgan. Shu bilan birga, uning qiymati e'lon qilinmayapti, deb yozgan uzdaily.uz sayti.

MHPS kompaniyasi loyiha doirasida bug‘-gaz uskunasining asosiy tarkibiy qismlarini yetkazib beradi. Mitsubishi Corporation esa Turkiyaning Calik Enerji Sanayi ve Ticaret A.S. bilan hamkorlikda boshqa qismlarni yetkazish, tashish, qurish va montaj ishlarini bajaradi. 

Bug‘-gaz qurilmasining quvvati 450 megavatt elektr energiyasini va 200 Gkal/s issiqliq energiyasini tashkil etadi, deyiladi kompaniya axborotnomasida. 

Loyiha «Yaponiya taraqqiyotga rasmiy yordami» dasturi va O‘zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtirilmoqda. Uning qurilishi 2019 yilda yakunlanishi kutilmoqda.

Avvalroq, loyiha qiymati 520 mln dollarni tashkil etishi haqida xabar qilingan edi. Yaponiyaning xalqaro taraqqiyot agentligi (JICA) 360 mln dollar miqdoridagi zayom, O‘zbekiston rekonstruksiya va rivojlanish jamg‘armasi 100 mln dollar kredit ajratishi ma'lum qilingandi. «O‘zbekenergo» AJ qolgan qismini o‘z mablag‘lari hisobidan qoplashi belgilangan. 

Eslatib o‘tamiz, 2012 yil oktabr oyida Turkiyaning Calik Enerji Sanayi ve Ticaret AS hamda Ispaniya Initec xalqaro konsorsiumi Navoiy IESda 478 mVtlik bug‘-gaz uskunasini qurib foydalanishga topshirgan edi. Uning qiymati 530 mln dollarni tashkil etgandi. 

Shu bilan, bugungi kunda Navoiy IESning umumiy quvvati 1540 mVtni tashkil etmoqda. U bir yilda 7,9 mlrd kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. 

Ko‘proq yangiliklar: