Toshkentda o‘tadigan XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasida 45dan ortiq mamlakatdan vakillar kelishi kutilmoqda

Iqtisodiyot 15:20 / 04.10.2016 4812

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2016 yil 8 iyundagi “XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra joriy yilning 12-13 oktabr kunlari Toshkent shahrida XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Bu yilgi yarmarka “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi,  Tovar-xomashyo birjasi, “Sifat” markazi va boshqa tuzilmalar tomonidan o‘tkaziladi.

XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasining asosiy tadbirlari “O‘zekspomarkaz”ning ko‘rgazmalar zalida o‘tkaziladi. Yarmarka doirasidagi konferensiyalar hamda muloqotlarda jahon paxta va to‘qimachilik bozorining yetakchi vakillari tomonidan O‘zbekiston va dunyoda paxta tolasi ishlab chiqarish, savdo va investitsion hamkorlikni kengaytirish kabi ko‘plab masalalar muhokama qilinishi va o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Birinchi yarmarkaga jahonning 30 davlatidan 170 kompaniya va firma vakillari tashrif buyurgan bo‘lsa, bu yil 45 dan ortiq mamlakatning ikki mingga yaqin vakili kelishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: