Bloomberg: Kaddafiy jamg‘armasi Goldman Sachs sababli 1,2 mlrd dollar yo‘qotgan

Iqtisodiyot 22:46 / 29.09.2016 5538

Liviya davlat jamg‘armasi (LIA) dunyoning eng yirik banklaridan biri bo‘lgan Goldman Sachs bilan hamkorlikdan 1,2 mlrd dollar ziyon ko‘rdi, deb xabar bermoqda Bloomberg axborot agentligi. 

Ma'lum qilinishicha, Liviya Goldman Sachs’ni Muammar Kaddafiy amaldorlarini sotib olishda, LIA’ga ziyon keltiruvchi qimmatbaho qog‘ozlarni sotish va jamg‘arma rahbarlari tajribasizligini o‘z maqsadlarida qo‘llashda ayblamoqda. 

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, Goldman Sachs’ning sobiq xodimi Yusef Kabbaj professional axloq me'yorlarini qasddan buzgan va LIA vakillarini avvaldan barbod bo‘lishga mahkum bo‘lgan moliyaviy operatsiyalarga borishga ko‘ndirish maqsadida yolg‘on ma'lumotlar bergan, bu esa 2008 yilda jamg‘armaning 1,2 mlrd dollar yo‘qotishiga olib kelgan. Bank rahbariyati shundan keyin Kabbajni bo‘shatib yuborgan.

Bank vakillari jamg‘arma rahbariyati barcha moliyaviy operatsiyalar, sotib olinayotgan va sotilayotgan qimmatbaho qog‘ozlardan xabardor bo‘lganlarini hamda jamg‘armaning bu pozitsiyasini asossiz deb aytmoqdalar.

2014 yilda jamg‘arma vakillari Goldman Sachs’ni sudga berib, yo‘qotilgan pullarni qaytarishni talab qilganlar. Bu ish bo‘yicha taftish joriy iyunda boshlangan.

 

Ko‘proq yangiliklar: