Sony Pictures Entertainment va Xitoyning Dalian Wanda Group kompaniyalari strategik hamkorlik haqida shartnoma imzolashdi. Bu haqida Financial Times ma'lum qildi.
Manbaga ko‘ra, shartnomada hamkorlikdagi investitsiyaga doir, shuningdek Sony Pictures filmlarini dunyodagi eng yirik Wanda kinoteatrlari tarmoqlari orqali targ‘ib qilish haqidagi bo‘limlar bor.
Bitim "strategik ittifoq" hisoblanib, u ba'zi hollarda moliyalashtirish ulushini o‘z ichiga oladi.
Sony Pictures bitim imzolangunga qadar o‘z filmlarini Xitoyga China Film Co va Huaxia Film Distribution davlat kompaniyalari orqali o‘tkazar edi. Mamlakatdagi xorijiy filmlar uchun kvotalarni aynan ular nazorat qilishadi.
Iyul oyi o‘rtalarida Amerikaning AMC Entertainment kinoteatrlari tarmog‘i Terra Firma investfondidan 1,2 milliard dollarga Odeon & UCI Yevropa tarmog‘ini qo‘lga kiritish haqida shartnoma imzolaganligi xabar qilingan.