OAV: Klinton saylovda g‘alaba qozonsa, Kerri o‘z lavozimidan ketadi

Jahon 11:31 / 09.08.2016 9766

AQSh prezidentligi uchun Demokratik partiyadan nomzod bo‘lgan Hillari Klinton saylovda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa Jon Kerrini AQSh Davlat departamenti rahbarligida qoldirmoqchi emas. Bu haqda diplomatik doiralardagi manbalariga asoslangan holda Politico nashri xabar bergan.

Qayd etish kerakki, Jon Kerri  Obamaning birinchi prezidentlik muddati tugaganida aynan Hillari Klintonning o‘rnini egallagandi.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, Klintonda Kerrining o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan nomzodlar bor. Bunday nomzodlar qatorida Barak Obama va Jorj Bush prezidentligi vaqtida Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan Uilyam Berns nomzodi bor. Shuningdek, Hillari Klinton Davlat kotibi bo‘lib ishlagan vaqtda uning siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan Uendi Sherman ham nomzodlardan biri hisoblanadi.

Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Nikolas Berns, sobiq birinchi o‘rinbosar Strob Telbott, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mamlakatlari bo‘yicha sobiq yordamchi Kurt Kempbell, NATOning Yevropadagi qo‘mondonligining sobiq qo‘mondoni Jyeyms Stavridis nomlari ham Kerrining o‘rinbosari bo‘lishi mumkin shaxslar sifatida keltirilgan.

Nashrning qayd etishicha, Kerrining ketishi «Tehron, Oman va Moskva bilan munosabatlarda aks etishi mumkin». Manbalarning biri yozishicha, uni bir muddat lavozimida  qoldirish kerak bo‘ladi. 

Nashrdagilarning fikricha, Klinton saylovda g‘alaba qiladigan bo‘lsa, Kerri Suriya, Eron yoki Falastin-Isroil masalalari bo‘yicha maxsus vakili sifatida ish boshlashi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: