Jizzax  viloyati: raqamlarda yutuqlar sarhisobi

Jamiyat 17:08 / 05.08.2016 12342

Shu kunlarda o‘zbek xalqi eng aziz, eng ulug‘ bayram – O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligini nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Jizzax viloyatida 2016 yilning birinchi yarmida yalpi hududiy mahsulot 9,5 foizga o‘sdi. Sanoatda 13,7, qishloq xo‘jaligida 5,6, qurilishda 12,8, chakana savdo aylanmasida 14,2 foiz o‘sishga erishildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 30 sentabrdagi “2030 yilgacha Jizzax shahrining bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori va shu asosda ishlab chiqilgan maxsus dasturga ko‘ra viloyatda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Shaharning Mustaqillik ko‘chasi 50 metrgacha kengaytirilib, pastqam va ko‘rimsiz binolar o‘rnida 34 ko‘p qavatli, ko‘rkam uy-joylar qad rostladi. Alisher Navoiy, Buyuk Turon, Sh.Rashidov ko‘chalarida qurilish va rekonstruksiya ishlari jadal olib borilmoqda. Hozirga qadar 17 kilometr avtomobil yo‘li yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. “So‘g‘diyona” stadioni o‘rnida 11 ming 650 tomoshabinga mo‘ljallangan zamonaviy futbol maydoni, 2 sport zali va suzish havzasi, o‘nga yaqin an'anaviy sport turlari bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan maxsus zallardan iborat zamonaviy “So‘g‘diyona” futbol – yengil atletika sport arenasi qad ko‘tardi.

Markaziy ko‘chalar bo‘yidagi eski, bir qavatli uylar va noturarjoy obektlar o‘rnida qurilishi rejalashtirilgan 57 ko‘p qavatli zamonaviy uyning 42 tasida qurilish ishlari yakunlandi, 15 tasi joriy yil oxirigacha o‘z egalariga topshiriladi.

Shahardagi uchta yirik bozorda qayta qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, sotuvchi va xaridorlar uchun qulay sharoit yaratildi. Qadimiy Ko‘kbozor o‘rnida ochiq aksiyadorlik jamiyati shaklidagi yangi “Markaziy dehqon bozori” barpo etildi. Bozorning 5 ming 400 kvadrat metr savdo maydoniga ega qishloq xo‘jalik mahsulotlari pavilonida 1 ming 152 savdo o‘rni tashkil etildi.

Sobiq tuzum davrida qurilgan, shahar ekologiyasiga katta zarar keltirgan ohak zavodi shahar tashqarisiga ko‘chirilib, uning o‘rnida yashil hudud, bog‘ va gulzorlar tashkil etildi. Tashlandiq yer o‘zlashtirilib, Navro‘zbuloq bolalar bog‘i barpo etildi. O‘tgan yili to‘rt gektar maydonda Keksalar bog‘i dam olish maskani qurildi. Istiqlol bolalar bog‘i, Hamid Olimjon xiyobonida keng ko‘lamli qurilish-rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari bajarildi.

«Orom» favvoralar majmuasi, Bog‘ishamol, Sangzorko‘l dam olish maskanlari, Istiqlol bolalar bog‘i, Forum majmuasi, Favvoralar xiyoboni shaharliklar va mehmonlar sayr qiladigan, hordiq chiqaradigan bahavo, xushmanzara joyga aylantirildi.

Umumiy maydoni 65,8 gektar bo‘lgan “Yoshlar shaharchasi”dagi Yoshlar sayilgohi, Yoshlar bog‘i, Yoshlar markazi, shuningdek, «O‘rda» yoshlar ekologik bog‘i doim gavjum. Umumxalq bayrami va sayillar o‘tkazish hamda aholining dam olishiga mo‘ljallangan bu zamonaviy va soya-salqin maskanlar Jizzaxning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylandi, deyish mumkin. 

Keyingi ikki yilda Jizzax shahrida 17 yangi xiyobon barpo etildi. “Xotira bog‘i” xiyobonida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan va bedarak ketgan jizzaxliklarning ism-familiyasi bitilgan “Xotira kitobi” majmuasi qurildi. 

Jizzax politexnika institutining 4 qavatli o‘quv binosi va sport zali kapital ta'mirlandi. Bugungi kunda institutning 700 o‘ringa mo‘ljallangan laboratoriya binosida qurilish ishlari davom etmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Jizzax shahridan 364 gektar, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidan 150 gektar yer maydoni ajratilib, “Jizzax” maxsus industrial zonasi tashkil etilishi hudud iqtisodiy rivoji va aholi bandligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Jizzax” maxsus industrial zonasida xorijiy investitsiyalar ishtirokida jami qiymati 158,2 million dollar bo‘lgan 24 yirik sanoat loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ayni paytgacha 63,6 million dollarlik 21 loyiha ishga tushirildi.

Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Auto Pad Systems” qo‘shma korxonasida yiliga 520 ming dona tormoz kolodkalari, “Roison Home White Goods” qo‘shma korxonasida yiliga 650 mingta televizor, muzlatkich, elektr pechi va kir yuvish mashinasi kabi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 

Maxsus industrial zona korxonalarida hozirgacha 1100 dan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi. Uning 60 foizdan ortig‘i kasb-hunar kolleji bitiruvchilaridir. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki bozordan tashqari xorijga ham eksport qilinayotir.

“Jizzax” maxsus industrial zonasidagi 14 korxonada o‘tgan yili 102 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 6,4 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Ishlab chiqarish, transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini shakllantirish maqsadida qariyb 84 milliard so‘m hajmidagi kapital mablag‘lar o‘zlashtirildi. 

Ushbu industrial zonaga olib boruvchi 12 kilometrlik tashqi yo‘llar rekonstruksiyasi yakunlandi. 5,7 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi va 8 kilometr gaz tarmog‘i qurildi, energiya ta'minotini yaxshilash maqsadida 2 taqsimlovchi punkt va 4,6 kilometrlik elektr tarmog‘i qurilishi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Joriy yilda 7 kilometrlik ichki yo‘llar qurilishi va rekonstruksiyasi oxiriga yetkaziladi. 

Jizzax viloyati hududidan 168 kilometrlik xalqaro, 1431 kilometr mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yo‘llari hamda 385,9 kilometr temir yo‘l o‘tgan.

Viloyatda 2007-2015 yillarda 102 kilometr yangi temir yo‘l qurildi, 18,3 kilometr temir yo‘l rekonstruksiya qilindi. 137 kilometr xalqaro, 66 kilometr davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi. 688 kilometr ichki yo‘llar ta'mirlandi. Natijada yo‘llarning yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan 13 tonnaga oshdi. 

Qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ham yuksak samaralar berayotir. So‘nggi 10 yilda viloyatimizda 1,7 ming, jumladan, qoramolchilik yo‘nalishida 484, parrandachilikda 533, baliqchilikda 319, asalarichilik yo‘nalishida 623 loyiha amalga oshirildi.

Chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlar natijasida qoramollar bosh soni 1991 yilga nisbatan 825,1 ming boshga, mayda shoxli mollar soni 1727,4 ming boshga ko‘paydi. Germaniya, Polsha va Ukrainadan keltirilgan 2 ming 235 bosh zotdor qoramoldan o‘tgan yillarda 9 ming 647 bosh naslli buzoq olindi. 

Viloyatda 2007-2015 yillarda 720 gektar intensiv bog‘ tashkil etilib, 342 gektarida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilindi. Ayni paytda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Keyingi 8 yilda 15 go‘sht, 37 sut, 23 meva-sabzavot, 2 jun va 2 terini qayta ishlash korxonasi ishga tushirildi. 30 zamonaviy muzlatkichli omborxona barpo etildi.

2015 yilda birgina sanoat sohasida 254 millard so‘m mablag‘ evaziga 213 loyiha amalga oshirildi. 50 korxona modernizatsiya qilindi. Natijada qo‘shimcha 260 milliard so‘mlik 50 dan ortiq turdagi sement, trikotaj mahsulotlari, quyosh batareyalari, akkumulyator monobloklari, fitinglar, tomchilatib sug‘orish jihozlari, sun'iy qoplamali to‘shamalar kabi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. 

Mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yilning birinchi choragida 4 korxonada 6 turdagi 432 millard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib,130 ming dollarlik valyuta iqtisod qilindi.

Sanoat, jumladan, yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari ijrosini ta'minlash natijasida 2015 yilda loyiha qiymati 44,1 millard so‘mlik 40 yengil sanoat korxonasi foydalanishga topshirildi.

2016-2019 yillarda viloyatda yengil sanoatni rivojlantirish bo‘yicha 526,3 millard so‘mlik 203 loyihani amalga oshirish va 14 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Joriy yilda amalga oshiriladigan 58 loyiha hisobidan 4 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. Bir necha yildan buyon bo‘sh turgan “Zilola teks” korxonasi o‘rnida tashkil etilgan “Orzu tekstil SV” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga 2016-2017 yillarda 11,5 million dollarlik investitsiya kiritish hisobidan trikotaj mato to‘qish va bo‘yash, tayyor buyumlar, paypoq va momiq sochiqlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Bu 1500 yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Ko‘proq yangiliklar: