O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan yangi 2016/2017 o‘quv yili oldidan maktab o‘quv qurollari, darsliklar, kiyim-kechaklar, poyabzallar ko‘rgazmasi hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
2016/2017 o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan umumta'lim maktablari o‘quvchilarini asosiy turdagi o‘quv qurollari, darsliklar, maktab formasi, kiyim-kechaklar va poyabzallar bilan ta'minlash, ota-onalarga qulayliklar yaratish maqsadida 10 avgustdan 10 sentabrgacha 1 ming 978 maktab yarmarkasi tashkil etiladi.
Ular asosan umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, aholi gavjum bo‘lgan bozorlarda, yirik savdo majmualarida ochilishi ko‘zda tutilgan. Tog‘li hamda cho‘l hududlarda yuzga yaqin ko‘chma avtodo‘konlar xizmat ko‘rsatadi.
Maktab do‘konlarida 26 turdagi zarur o‘quv qurollari va jihozlar sotuvi tashkil etiladi. Bular o‘quv, umumiy, kundalik, rasm, nota daftarlari, ruchka, portfel, ko‘plab maktab anjomlari, qizlar va o‘g‘il bolalar uchun maktab, sport kiyimlari, poyabzal kabilardir.
Joylarda tashkil etiladigan maktab yarmarkalariga asosiy turdagi mahsulotlarni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati, «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi, «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi yetkazib beradi.