Turkiya tashqi ishlar vazirligi rahbari Mavlut Chavusho‘g‘li Avstriyani radikal irqchilik markazi, deya atadi. Bu haqda, Reuters agentligi xabar qilmoqda.
«Avstriya kansleri dastavval, o‘z mamlakatiga nazar solsin. Bugungi kunda irqchilik — inson huquqlariga eng asosiy tahdidlardan biri bo‘lsa, Avstriya radikal irqchilik markazidir», — degan Chavusho‘g‘li.
Turkiya tashqi siyosat mahkamasining rahbari, Avstriya federal kansleri Kristian Kernning bayonotidan so‘ng, shunday keskin ruhda chiqish qilgan. Kern, tez orada, Turkiyaning YeIga a'zo bo‘lishi borasidagi muzokaralar barham topishi haqida ogohlantirgan edi.
«Haqiqatga tik boqish kerak: a'zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar xomxayoldan boshqa narsa emas. Yevropaga boshqacha yondashuv lozim», — degan edi Kern.
Avstriya hukumati rahbarining fikricha, yuz berayotgan siyosiy jarayonlar emas, balki Turkiyada Yevropa qabul qila olmaydigan notenglikning mavjudligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.