Tadqiqot: Rossiyaliklarga Yaponiya bilan tinchlik sulhidan ko‘ra, Kuril orollari muhimroq

Jahon 15:34 / 05.08.2016 11203

Rossiyaliklarning aksariyati (78 foizi) Kuril orollarining ziddiyatli hududlarini Yaponiyaga qaytarishga qarshi. Ijtimoiy so‘rovda ishtirok etganlarning atigi 7 foizigina "rozi"liklarini bildirdi, deb ma'lum qilmoqda «Levada-Tsentr».

Rossiyaliklar bu masalada kelishuvga ham qarshi ekanliklarini izhor qilishgan. So‘ralganlarning 71 foizi Rossiya Kuril arxipelagining ikkita yirik oroli: Urup va Iturupni o‘zida qoldirib, uncha katta bo‘lmagan Xabomai va Shikotan orollarining Yaponiyaga berilishiga ham noroziliklarini bildirgan. Biroq, har yettinchi kishiga (13 foiz) bu g‘oya ma'qul kelgan bo‘lsa, 16 foiz kishi javob berishga qiynalgan. 

Umuman, rossiyaliklarning fikricha, ayni vaqtda «Janubiy Kurilning tortishuvli orollarini Rossiya tarkibida saqlab qolish» (56%), «yapon kreditlari va texnologiyalari evaziga Yaponiya bilan tinchlik sulhini imzolash»dan (21 foiz) ko‘ra muhimroqdir.

Rossiyaning Yaponiya bilan tinchlik sulhi imzolashi naqadar muhimligi borasida ham jamoatchilik bir xil fikrda emas. So‘ralganlarning 48 foizi bu hujjatni imzolash kerak, deb hisoblasa, 38 foizi – yo‘q deyishgan, 14 foizi javob berishga qiynalgan.

Ko‘proq yangiliklar: