Shifokorlar Pelega Olimpiada mash'alasini yoqish marosimida ishtirok etishga ruxsat berishdi

Sport 10:33 / 05.08.2016 3446

Shifokorlar va turnir homiylari afsonaviy futbolchi Pelega Rio-de-Janeyrodagi Olimpiya o‘yinlari mash'alasini yoqishga ruxsat berishgan, lekin uning o‘zi bel qismidagi og‘riq tufayli qiyinchilik sezishi mumkin.

«Shifokorlar ruxsat berishdi. Endi barchasi uning og‘riqlari to‘xtashiga bog‘liq», — deya Pelening matbuot kotibi Joze Fornoza Rodrigeshning so‘zlarini keltiradi RIA Novosti.

2012 yili Pele San-Paulu shahridagi Albert Eynshteyn shifoxonasida operatsiya qilingandi. 2015 yilning dekabrida ham u AQShda jarrohlik stoliga yotgan. Ayni vaqtda 75 yoshli Pele hassasiz yura olmaydi.

Bundan oldinroq 3 karra jahon chempioni Pele Olimpiada mash'alasini yoqish uchun rasman taklif olganini ma'lum qilgandi. Lekin homiylik shartnomalariga ko‘ra bu vaqtda mamlakat tashqarisida bo‘lgani tufayli marosimda ishtirok etishiga kafolat yo‘qligini bildirgandi.

«Marakana» stadionidagi ochilish marosimi esa 5 avgust sanasiga belgilangan.

Avvalroq Pele Olimpiadaga bag‘ishlab, "Umid" (Esperança) deb nomlangan qo‘shiq yozganini ma'lum qilgandi.

Pele FIFA talqiniga ko‘ra 1999 yilda XX asrning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. XOQ esa shu yil uni yuz yillikning eng yaxshi sportchisi sifatida tan olgan.

Ko‘proq yangiliklar: