Bugun Rio-de-Janeyroda 31-yozgi Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Lekin musobaqalar boshlanib ketdi.
Kecha futbol musobaqalariga start berilgan edi. Bugun esa kamonchilar bahslarga kirishdi.
Saralash bosqichining o‘zidayoq jahon rekordi o‘rnatildi. Janubiy koreyalik Kim Vu Jin kamondan o‘q otish musobaqalarining kvalifikatsiya bosqichida 720 imkoniyatdan 700 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Bu jahon rekordi hisoblanadi.
Ertaga jamoaviy bahslarda medallar egalari aniqlanadi. 12 avgust kuni individual bahslar bo‘yicha g‘oliblar nomi ma'lum bo‘ladi.
Bundan oldingi rekord ham janubiy koreyalik kamonchi Im Ton Xyunga tegishli edi. U 2012 yilgi London olimpiadasida 699 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgandi.
Musobaqaning ochilish marosimi ertaga tongda, Toshkent vaqti bilan soat 04:00da boshlanadi.