Astana hokimi Aset Isekeshev, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazuvchi mulozimlariga, yig‘ilishlarni videokameralari va ovoz yozuvchi qurilmalari bor xonalarda o‘tkazishga ko‘rsatma berdi. Korrupsiya imkoniyatini kamaytirish maqsadida shunday choraga qo‘l urilgani aytilmoqda.
Shaharning rasmiy saytida e'lon qilingan xabarda yozilishicha, hokim rahbarligida o‘tkazilgan majlisda korrupsiyaga qarshi kurash maqsadida hokimiyat binosining birinchi qavatida videokamera va ovoz yozish uskunalari o‘rnatilgan maxsus xonalar tashkil etishga qaror qilingan.
Bundan tashqari, barcha tuzilma rahbarlari imzo qo‘yish uchun tadbirkorlarni o‘z xonalarida qabul qilishi taqiqlangan. Shu bilan birga, hokimiyat rahbar xodimlari tender g‘oliblari bilan ish vaqtidan tashqari har qanday uchrashuv o‘tkazishi mumkin emas.