Dunyoda oila qurgan insonlar borki o‘zidan davomchi – zurriyot qoldirish orzusida yashaydilar. Lekin, farzand atalmish ne'mat bu Allohning irodasi bilan xohlagan insonga beriladigan ilohiy hadyadir. Bu haqiqatni Alloh taolo kalomida ochiq aytib qo‘ygan. “U zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illar hadya etur. Yoki ularni juftlab – o‘g‘il – qiz qilib berur va xohlagan kishisini tug‘mas qilur”. (Sho‘ro surasi, 49-50 oyatlar)
Oyati karimada aytilganidek, farzand berish yoki bermaslik Alloh taoloning irodasiga bog‘liq ish. Biroq banda doimo Yaratgandan maqsadlarini so‘rashdan to‘xtab qolmasligi va eng asosiysi tushkunlikka tushib qolmaslik lozim.
Farzand ko‘rish yo‘lida o‘zini o‘tdan – cho‘qqa urib mutaxassislarga uchrab, kerakli dori – darmonlarni ichib muolaja qilgandan so‘ng ham natija chiqmaganlar topiladi. To‘g‘ri, banda qo‘lidan kelgancha sabablarni keltirishi lozim va lobud. Lekin farzand ne'mati bir yoqlama sabablargagina bog‘liq ish emas. Sabablarni qilish bilan Alloh taolodan ham astoydil iltijo qilishi ham zarur.
O‘limdan boshqa hamma narsaning davosi bor deganlaridek, bepushtlikning yechimi bo‘lishi tabiiy. Hadisi shariflarda bepushtlikning yechimi haqida so‘z yuritilgan.
Mazhabboshimiz Abu Hanifa rahmatullohi alayh o‘zining “Musnad” kitoblarida quyidagi hadisni rivoyat qilib keltirganlar.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzuriga ansorlardan bir kishi kelib:
• Ey Allohning Rasuli! Hech farzand bilan rizqlanmadim, bola bo‘lmadi?
• Ko‘p istig‘for va sadaqa qilsang rizqlanasan–da?!
Boyagi kishi istig‘for va sadaqani ko‘paytirdi.
Jobir roziyallohu anhu aytadi: Unga to‘qqizta o‘g‘il farzand berildi”.
Alloma Mulla Ali Qoriy ushbu hadisning sharhida: Nabiy sollallohu alayhi vasallam go‘yo Nuh alayhissalomdan hikoya tarzida aytilgan: “Bas, o‘z Robbingizga istig‘for ayting, albatta U gunohlarni ko‘plab mag‘firat qiluvchidir, dedim. U zot osmondan ustingizga ketma – ket baraka yomg‘irini yuboradir. Va sizga molu mulk va bola – chaqa ila madad beradir. Va sizlarga bog‘u rog‘lar hamda anhorlarni beradir” (Nuh surasi, 10–12 oyatlar) oyatidan iqtibos oldilar”.
Yana hadislarda kelganki:
“Kim ko‘p istig‘for aytsa Alloh taolo unga g‘amdan, tanglikdan yengillik beradi va o‘ylamagan tomonidan rizqlantirib qo‘yadi”. (Imom Ahmad, Hokimlar Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan)
Mulla Ali Qoriy qalamiga mansub “Sharhi musnadi Abu Hanifa” 587 sahifa.
Manba: siyrat.uz