— Men bu voqealarni boshqalarga saboq bo‘lsin, deya yozdirayapman, — dedi Tilovoldi boshini quyi egganicha. — Hech kim mendek notavon bo‘lmasin. Boshimdan o‘tgan bu ko‘rgiliklarni yozdirish men uchun ham azobdir.
* * *
“Voy-dod! Bolaginamning o‘rniga meni olib ketinglar! Qanday chidayman endi! Voy-dod!”, deya onajonim ko‘ksiga mushtlab urganlari hanuzgacha ko‘z oldimdan ketmaydi.
Ortimga qaray-qaray mashinaga o‘tirdim. Bu payt onaizorim cho‘kkalab olganicha yer mushtlab, Xudoning zorini qilardi.
Meni militsiya xodimlari qayergadir olib borib, bir kameraga qamab qo‘yishdi. Bir zumda dadam ham advokat bilan yetib keldi.
Keyin meni so‘roqqa tutishdi. Avvaliga qilgan aybimni berkitdim. Ammo oyni etak bilan yopib bo‘lmas ekan. O‘shanda yo‘lovchilardan biri mashinamning raqamini ko‘rib qolib, militsiya xodimlariga xabar beribdi.
* * *
Ota-onam meni Xudoyimdan tilab-tilab olgan. O‘n ikki yil deganda farzandli bo‘lishgan ekan. Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lganim uchun bolaligimdan og‘zimdan chiqqanini muhayyo qilishardi. Men xuddi ertaklardagi shahzodalardek yashardim. Hattoki, men uchun bitta enaga ham olishgan edi.
Eng yaxshi bog‘chada, so‘ngra eng zo‘r maktabda ta'lim oldim. Institutning ham eng nufuzlisiga kirdim, to‘g‘rirog‘i kiritib qo‘yishdi.
Ammo u yerdagi o‘zimga o‘xshagan boyvachchalarning farzandlarini ko‘rib, sekin-asta o‘qishni ham bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘ydim. Ikkinchi kursda o‘qiyotganimda dadam yap-yangi “Neksiya” mashinasini tug‘ilgan kunimga sovg‘a qildi. Endi men ham gerdayib o‘zimning mashinamda institutga qatnardim. Darsdan chiqqach, uch-to‘rtta o‘rtoq birga bo‘lishib, kafe-bar, diskotekaga borardik. Kunimizni xursandchilik bilan o‘tkazardik.
Kunlarning birida diskotekaga borganimda ikki-uch yigit bilan janjallashib qoldim. Ularga o‘zimning kimligimni ko‘rsatish uchun rosa do‘pposladim. O‘sha yerning xo‘jayni qayoqqadir qo‘ng‘iroq qilibdi. Bir onda militsiya xodimlari yetib kelishdi. Men ham darrov dadamga qo‘ng‘iroq qildim. U yerdagi singan narsalarni to‘lash va bezorilik qilganim uchun jarima bilan qutuldim.
Uyga kelgach, ertasi kuni dadamdan eshitadiganimni eshitdim. “Qachongacha ortingdagi loylaringni tozalab yuraman. Qachon tinch yurishni o‘rganasan? Yo‘q joydan janjal izlaysan! Ayt, senga nima yetishmayapti?”
Men indamasdan mum tishlab o‘tiraverdim. Chunki dadamning jahli yomon edi. Gap qaytarsam, battar tutaqib ketardi.
Shundan so‘ng dadam deraza yonidagi gultuvakni hovliga qarab uloqtirib yubordi.
Darhol onajonim mening yonimga uchib kirdi. “Hoy, dadasi, sekinroq, qo‘shnilar eshitadi. Hali yoshda, aqli kirib qolar. Shunchalik javrashingiz shartmidi? O‘g‘irlik qilgan bo‘lmasa, boshqalarga qo‘shilib qimorbozlik qilmasa, ozgina o‘ynab-kulibdi, xolos. Endi astoydil o‘qiydi. Bir gal kechiring”, deya keyin menga yuzlandi.
“Dadangdan darhol kechirim so‘ra. Boshqa qaytarilmaydi, yigitlik so‘zim, deb ayt”, dedi.
Men esa ming‘irlaganimcha dadamga so‘z berdim.
Bir oycha tinch yurdim. Qayoqda, o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas ekan. Kundan-kunga qaysar bo‘lib borardim. Yana o‘sha o‘rtoqlarimga qo‘shilib, dadam aytganlarining teskarisini qila boshladim.
Bir kuni ishdan uyga qaytgan dadam menga qo‘ng‘iroq qilib qayerdaligimni so‘radi. “Diskotekadaman, o‘rtoqlarim bilan”, dedim.
“Hoziroq uyga yetib kel!”, dedi. Ammo men qaytmadim. Shundan so‘ng dadam haydovchisi bilan meni olib ketgani keldi. Ichib olgandim. Oyog‘imda zo‘rg‘a turardim. Dadam meni bu ahvolda ko‘rib, battar tutaqib ketdi. Mashinaga o‘tirmasligimni tayinladi. Haydovchisiga mening mashinamni haydashni buyurdi.
Men qaysar shunda ham dadamning ko‘zini shamg‘alat qilib, diskotekadan bir amallab chiqdim-da, mashinaga o‘tirib gazni bosdim.
Ortimdan hoynahoy dadam ham mashinasini yeldek uchirib kelardi.
Shu payt svetoforning chirog‘i yonganini payqamay ham qolibman. Chorrahadan o‘tayotib bir yigitni mashinamda urib yubordim. Mashinani qanday to‘xtatganimni bilmayman. Karaxt bo‘lib qoldim. Ko‘z o‘ngimda deyarli o‘zim tengi yigit qip-qizil qonga bo‘yalib yotardi.
Yonimga dadam kelib o‘tirdi-da, mashinani haydab ketdi. Menga qarab “Hech narsa bo‘lmagan, deb faraz qilgin. O‘zingga kel, hech narsa bo‘lmadi”, deb takrorlardi.
Uyga ham yetib keldik. Ammo men oyog‘imni yerga qo‘ya olmasdim. Yigit bechoraning ahvoli nima bo‘ldi ekan, deb o‘ylardim.
Bir soatdan so‘ng dadamning haydovchisi qo‘ng‘iroq qilib qoldi. “Yigitni shifoxonaga olib borishibdi. Ahvoli yomon ekan”. Dadam shifoxonaga ketdi. Afsuski, u ko‘p qon yo‘qotgani uchun vafot etibdi.
Oradan ikki soatcha vaqt o‘tgach, onamni chirqiratib militsiya xodimlari meni olib ketgani kelishdi.
Mast holatda rulga hech qachon o‘tirmaslik kerakligini endi angladim. Ko‘zim kech ochildi. Shuning uchun doim kattalar “Spirtli ichimliklar ichib, mashinaga o‘tirma! Biror falokatga yo‘liqasan”, deb bekorga aytishmas ekan. Endi nima bo‘ladi, deya boshim g‘ovlab ketdi. Shunda ham dadamdan umid qilib o‘tirardim. Chunki dadam barcha narsaning qalovini topardi.
Oradan biroz vaqt o‘tdi. Men barcha qilgan aybimni bo‘ynimga oldim. Ilojim ham qolmagandi. Dadam eng zo‘r advokat yolladi. Afsuski, advokat ham meni qonun changalidan qutqara olmadi. Qonun hamma uchun barobarligini tushunib yetdim. Yolg‘iz o‘g‘il yalmog‘iz bo‘ladi, deganlari rost ekan. Men ota-onamning yalmog‘izi bo‘ldim.
Sud bo‘ldi. Uzoq muddatga qamaldim. Onaizorim sud hukmini eshitgach, zalning o‘zidayoq hushidan ketdi. O‘zimdan ham ko‘ra ko‘proq onajonimga rahmim keldi.
Qamoqxonada mening ayni navqiron yoshligim o‘tdi. Ko‘z oldimga ozodlikda, erkinlikda yurgan vaqtlarim, mehribon onajonimning biroz betob bo‘lib qolsam, yonimdan jilmay parvona bo‘lishlari, men uchun hamma narsaga tayyor bo‘lgani, sud zalidan olib ketishayotganlarida birinchi bor yig‘lagan dadajonim, jonajon kursdoshlarim kelardi…
Qamoqda yotganimda onam bilan dadam holimdan tez-tez xabar olib turishardi. Ammo ularni ko‘rib ich-ichimdan ezilib ketardim. Ikkalovlarining ham men beboshni deb qop-qora sochlari endi oqargandi. Hatto onajonimning yuzlariga ajin ham tushibdi.
Kursdoshlarim institutni bitirib, ishga ham joylashgandir. Ammo men nima qildim, nimaga erishdim, degan savolni o‘zimga ko‘p marotaba berdim. Yoshligimni ko‘kka behuda sovurdim. Mening ko‘r ko‘zlarim kech ochildi, kech. Qamoqxonada o‘tirishni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman.
Ozodlikka ham chiqdim. Mening hayotim o‘zim tengilarga saboq bo‘lsin.
Xonbibi HIMMAT qizi