Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent islom universiteti bilan hamkorlikda mustaqillik yillari O‘zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib etish, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, dinlararo bag‘rikenglik va hamkorlik g‘oyalarini ommalashtirish, xalqimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni yot g‘oyalardan himoya qilishda faollik ko‘rsatgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda munosib rag‘batlantirish maqsadida «Sarhisob» tanlovini o‘tkazadi.
Tanlovning hududiy bosqichida 2016 yilning 1 yanvaridan 2016 yilning 1 sentabrgacha gazeta va jurnallarda bosilgan, radio orqali efirga uzatilgan, televideniyeda ko‘rsatilgan va Internet tarmog‘ida e'lon qilingan materiallar 2016 yilning 10 sentabriga qadar qabul qilinadi. Hududiy bosqich g‘oliblari respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritishadi.
Tanlovning respublika bosqichi O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab o‘tkaziladi. Respublika bosqichi g‘oliblari hududiy bosqichda g‘olib chiqqan ishtirokchilar orasidan tanlov asosida saralanadi. Tanlovning o‘tkazilish vaqti OAVda e'lon qilinadi.
Tanlovning respublika bosqichida g‘olib, deb topilganlar quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:
Bosh mukofot. Tinchlik va osoyishtalikni qadrlash mavzusidagi eng yaxshi ijodiy ish. G‘olib maxsus diplom va tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Asosiy mukofotlar:
Eng yaxshi ijodiy ish uchun mukofot (televideniye – 1 -, 2-, 3- o‘rinlar);
Eng yaxshi ijodiy ish uchun mukofot (radio – 1-, 2-, 3- o‘rinlar);
Eng yaxshi ijodiy ish uchun mukofot (davriy matbuot – 1-, 2-, 3- o‘rinlar);
Eng yaxshi ijodiy ish uchun mukofot (internet – 1-, 2-, 3- o‘rinlar);
Eng faol targ‘ibotchi (1-, 2-, 3- o‘rinlar);
G‘oliblarga asosiy mukofotlarga qo‘shimcha tarzda tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari ham topshiriladi.
Tanlovga tele-, radio-, bosma materiallar hamda Internetda e'lon qilingan ishlar taqdim etiladi (3 tadan kam bo‘lmasligi kerak).
Televideniye bo‘yicha videomateriallar, axborot tashuvchi vositaning qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat'i nazar, 5 daqiqadan 30 daqiqagacha bo‘lishi kerak.
Radioeshittirishlar (audiokasseta yoki sistemali disk) 5 daqiqadan 30 daqiqagacha bo‘lishi kerak.
Matbuot va Internet materiallari davriy nashrning asl nusxasi yoki ko‘chirma nusxasida taqdim etilishi lozim.
Tanlovga yuborilgan materiallarga quyidagilar ilova qilinadi:
- muallifning ismi-sharifi, o‘z sohasida olib borayotgan faoliyati to‘g‘risida qisqacha ma'lumot;
- muallifning turar joyi, uy va ish telefon raqamlari;
- pasport nusxasi.
Tanlovda ishtirok etuvchilarning materiallari Toshkent shahar, Olmazor tumani, Qorasaroy ko‘chasi, 47-uyga topshiriladi. Tel.: 150-64-33
Manba: muslim.uz