Amerikaning Jorjiya shtatida 14-oylik egizak qizaloqlar dim mashinada qolib ketgani tufayli hayotdan ko‘z yumdi, deb ma'lum qilgan Karrolton politsiyasi kapitani Kris Dobbs.
ABC News telekanalining xabar qilishicha, shtat politsiyasi Karrolton shahridagi uylardan birida ikki go‘dak hushsiz yotgani to‘g‘risida xabar olgan. Huquq posbonlari yetib kelishganda, egizaklarning otasi Asa Nort go‘daklarni hushiga keltirish uchun suv havzasiga tushirayotgan bo‘lgan.
Egizak qizchalar zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan, bu yerda shifokorlar ularning o‘limini qayd etgan.
Politsiya vakillari go‘daklarning otasini so‘roq qilib, uni ehtiyotsizlik bilan qotillik sodir etishda ayblashgan. Ma'lum bo‘lishicha, qizchalarning onasi fojia vaqtida Atlantada bo‘lgan.