Turkiyaning Antalya shahrida o‘tayotgan namoyish vaqtida portlash yuz berdi
Jahon
08:06 / 04.08.2016
14407
3 avgust kechki payt Turkiyaning Antalya kurort shahrida portlash yuz berdi. Portlash mamlakatdagi davlat to‘ntaruviga urinishga qarshi o‘tkazilayotgan namoyish vaqtida sodir etilgan. Mahalliy OAVning ma'lum qilishicha, Respublika maydonidan 150 metr nariroqdagi skameykada qoldirilgan qo‘lbola portlovchi qurilma portlagan.
Voqea oqibatida namoyish ishtirokchilaridan 2 kishi yengil jarohatlar olgan. Ular shifoxonalarga yetkazilgan.
Ayni vaqtda voqea joyida tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar bermoqda CNN Turk telekanali.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyada 16 iyulda bir guruh harbiylar davlat to‘ntaruvini amalga oshirmoqchi bo‘lgan. Shundan keyin butun Turkiya bo‘ylab odamlar "Demokratiya himoyasida" shiori ostida davlat to‘ntaruviga urinishga qarshi namoyishlar o‘tkaza boshladilar. Bu aksiyalar 7 avgustda Istanbuldagi ommaviy namoyish bilan yakunlanishi kutilmoqda.