Hindiston parlamenti yuqori palatasi 3 avgustda tovarlar va xizmatlar uchun yagona soliq haqidagi qonunni qabul qildi. Bu qonun Hindiston mustaqillikka erishgan vaqtdan beri mamlakatda amalga oshirilgan eng yirik soliq islohoti bo‘ladi.
Qonunning qabul qilinishiga 245 deputatdan 197 nafari ovoz bergan.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi boshchiligidagi hukumat bir necha sessiya davomida islohotni parlament orqali o‘tkazishga urindi. Quyi palata qonun loyihasini o‘tgan yil qabul qilgan, biroq yuqori palatada yetakchi alyansda uni qabul qilish uchun ovoz yetmagan. Biroq qonun loyihasini yuqori palataga kiritish oldidan yetakchi alyans muxolifat bilan ziddiyatni hal qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Yagona soliq markaziy hukumat va shtat hukumatlari tomonidan olinadigan soliq o‘rnini bosishi kerak. Hukumatning baholashicha, Hindiston iqtisodiyoti qonun qabul qilingan taqdirda 1,5-2 foizga tezroq o‘sadi.
Endi islohotni ilgari surish uchun qonunning hududiy qonunchilik yig‘ilishlarining yarmi tomonidan ratifikatsiya qilinishi talab etiladi. Bu islohot bo‘yicha komissiya tuzishga imkon beradi. Bundan keyin parlament soliqni qo‘llash bo‘yicha ikkita – umummilliy va hududlararo qonun qabul qiladi.