Yaponiyaga militarizm tarafdori Tomomi Inada Mudofaa vaziri bo‘lgani qo‘shni davlatlar e'tiroziga sabab bo‘lishi mumkin

Jahon 10:27 / 04.08.2016 6042

Yaponiya bosh vaziri Shinzo Abe militaristik qarashlari bilan ma'lum bo‘lgan Tomomi Inadani mamlakatning yangi Mudofaa vaziri etib tayinlagani Xitoy va Janubiy Koreya tomonidan e'tirozlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Reuters xabariga ko‘ra Liberal-demokratik partiya vakili bo‘lgan Inada xonim Abeni mamlakat konstitutsiyasiga harbiy islohotlar borasida o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlaydi. U ham Yaponiyani Ikkinchi jahon urushidan keyin tahqirlangan deb hisoblovchi vatanparvarlardan hisoblanadi.

Agentlikning qayd etishicha, u tez-tez Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yapon harbiylari xotirasiga bunyod etilgan Yasukunidagi ibodatxonaga tashrif buyuradi.

Ikkinchi jahon urushida mag‘lub bo‘lganidan keyin Yaponiyaning alohida armiyaga ega bo‘lishi cheklangandi. Konstitutsiyaning to‘qqizinchi moddasida bu qayd etilgan.
Yaponiya hududida amerikalik harbiylar joylashtirilgan. Ular mamlakat xavfsizligini ta'minlashi kerakligi belgilangan.

Shu bilan birgalikda, Yaponiyada o‘z-o‘zini mudofaa qilish kuchlari mavjud. O‘z ichiga quruqlik qo‘shinlari, dengiz kuchlari va aviatsiyani oluvchi bu tuzilma tarkibida 248 ming kishi xizmat qiladi. 2015 yilning sentabrida parlament bu tuzilma kuchlari mamlakat tashqarisidagi harbiy harakatlanishi mumkinligini tasdiqlagandi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Shinzo Abe boshchiligidagi koalitsiya Yaponiyadagi parlament saylovlarida g‘alaba qilganidan keyin Yaponiya o‘z armiyasiga ega bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Ko‘proq yangiliklar: