Yaponiya bosh vaziri rafiqasi O‘zbekistonga yetib keldi

O‘zbekiston 01:12 / 04.08.2016 14175

3 avgustda O‘zbekistonga  Yaponiya bosh vaziri Shindzo Abening rafiqasi Akie Abe va yapon madaniyati va san'ati namoyandalaridan iborat delegatsiya yetib keldi. Tashrifdan maqsad ikki davlat o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirishdan iborat, deb ma'lum qildi O‘zA. 

Toshkent xalqaro aeroportida Yaponiya Bosh vazirining rafiqasi Akie Abeni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Tatyana Karimova kutib oldi.

 O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar Prezidentimizning 2002 yil iyul oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida imzolangan Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot ruhida barqaror rivojlanib bormoqda. Davlatimiz rahbarining 2011 yil fevral oyida Yaponiyaga hamda Yaponiya Bosh vazirining 2015 yil oktabrda O‘zbekistonga rasmiy tashriflari o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

 Tokioda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyga haykal o‘rnatilgani, Toshkentda Yapon bog‘i tashkil etilgani, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi xalqaro madaniyat karvonsaroyiga yaponiyalik olim va musavvir Ikuo Xirayama nomi berilgani xalqlarimizning madaniy yaqinligi ifodasidir. 

 Delegatsiyaning tashrifi davomida Ikkinchi jahon urushi yillarida taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolgan yapon askarlari dafn etilgan xotira majmuasini ziyorat qilish, O‘zbekiston Amaliy san'at muzeyi bilan tanishish, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida Yaponiyaning «Dram Tao» ijodiy jamoasining konsert dasturi namoyish etilishi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: