O‘zbekiston terrorchilikni moliyalashtirish xatari eng past darajada bo‘lgan mamlakatlar qatorida qayd etildi

O‘zbekiston 16:48 / 03.08.2016 11083

O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorchilikni moliyalashtirish xatarini baholash bo‘yicha Basel AML Index 2016 reytingida 101-o‘rinni egalladi va terrorchilikni moliyalashtirish xatari past darajada bo‘lgan mamlakatlar qatoridan o‘rin oldi.

Reyting Bazel boshqaruv instituti tomonidan tayyorlangan. Basel AML Index reytingi 2012 yildan buyon tuzib kelinadi. Eng yuqori baholash koeffitsiyenti - 10 ball. Past ball xatar ham shu darajada pastligini bildiradi. Bu reyting mamlakatlardagi mavjud jinoyatchilik va korrupsiyani emas, jinoyatchilik va korrupsiya uchun mavjud sharoitlarni baholaydi.

Reytingda MDH mamlakatlari orasida  terrorchilikni moliyalashtirish xatari eng yuqori ko‘rsatkich Tojikiston tomonidan qayd etilgan (8,19 ball). Markaziy Osiyoning bu mamlakati umumiy reytingda 3-o‘rinni egallagan. Keyingi o‘rinlarda Ukraina – 49-o‘rin (6,57), Turkiya – 47-o‘rin (6,55), Rossiya – 58-o‘rin (6,22), Qirg‘iziston – 60-o‘rin (6,21), Qozog‘iston – 71-o‘rin (5,88), Moldova – 93-o‘rin (5,24).

O‘zbekiston 5,1 indeks bilan reytingda 101-o‘rinni egallagan. Bu borada O‘zbekiston AQSh (97-o‘rin) va Rossiyani (58-o‘rin) ortda qoldirgan.

MDH mamlakatlari orasida Ozarbayjon – 118-o‘rin (4,84), Gruziya – 123-o‘rin (4,71) va Armaniston – 128-o‘rin (4,63) O‘zbekistondan yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan.

Reytingning "yuqori uchtaligi"ni Eron (8,61), Afg‘oniston (8,51) va Tojikiston (8,19) band etgan bo‘lsa, eng quyi 3 o‘rinda Finlyandiya (3,05), Litva (3,62) va Estoniya (3,82) joy olgan.

Reyting mamlakat bank tizimining jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorchilikni moliyalashtirish bo‘yicha imkoniyatlarini, korrupsiyaga moyillik, davlat va moliya sektorlari faoliyati shaffofligi, shuningdek, amaldagi siyosiy tuzum va mahalliy qonunchilikning o‘ziga xosliklarini bevosita qamrab oladi.

Bazel institutining reytingi mamlakatlarning jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorchilikni moliyalashtirish xatarini FATF, Jahon iqtisodiy forumi, Jahon banki, Transparency International kabi ochiq manbalar, shuningdek, reytingga kiritilgan mamlakatlarning statistikasi asosida baholaydi.

Ko‘proq yangiliklar: