AQShning ommaviy Starbucks qahvaxonalar tarmog‘i AQSh va Kanada bozoridan zanglamaydigan po‘latdan ishlangan 2,8 mln ta "somoncha"ni (ichimlikni so‘rib ichish uchun mo‘ljallangan moslama) qaytarib olmoqda. Buning sababi shundaki, moslama bolalar uchun xavflidir va ularga jarohat yetkazishi mumkin.
"Iste'molchilar farzandlariga qo‘llarida po‘latdan tayyorlangan somonchalarni ushlash yoki ishlatishga yo‘l bermasliklari kerak", deb tan oldi kompaniyaning o‘zi 2 avgustda chop etilgan bayonotida. Kompaniyaning aytishicha, "noxush holatlarning yuz berishi xavfi kichik bolalar bilan bir nechta mashg‘ulotni bir vaqtda o‘tkazishda ayniqsa yuqori bo‘ladi", misol uchun, choy yoki qahvani yugura turib somoncha orqali ichish shular jumlasidandir.
Starbucks AQShda shunday uchta holat va Kanadada bitta holat yuz bergani haqida hisobot olgan. 2012 yildan beri kompaniya po‘lat somonchadan (po‘lat finjon bilan birga) AQShda 2,5 mln dona va Kanadada 301 ming dona sotgan. Somonchalarning barchasi qaytarilib olib, yumshoq plastmassadan tayyorlangan an'anaviy somonchalar bilan almashtirilmoqda.
Starbucks kompaniyasi dunyodagi eng yirik qahvaxonalar tarmog‘i hisoblanadi, uning 70 ta davlatda 23 mingdan ko‘proq shoxobchasi bor. 1971 yilda tashkil topgan bu kompaniyaning bosh qarorgohi Sietl shahrida joylashgan.