Savchenko Kiyevdagi harbiy paradni "tahqirlash va Sobiq ittifoqidan qolgan meros" deb atadi

Jahon 10:20 / 03.08.2016 8383

Ukraina Oliy radasi deputati Nadejda Savchenko Ukraina harbiy paradlar o‘tkazishdan voz kechishi kerakligini aytdi.

"Ukraina mustaqillik kunida ular o‘tkazmoqchi bo‘layotgan butun harbiy parad yaxshisi frontning oldingi qatorlariga yuborilsin, jangovor harakatlarga safarbar etilgan odamlarning demobilizatsiya qilinishiga imkon berilsin", deb aytdi Savchenko Ukrainaning NewsONE telekanali efirida.

U "bunday noto‘g‘ri boshqaruv, inson va moliyaviy resurslardan nooqilona foydalanishni" tushuna olmasligini aytdi va harbiy paradlardan voz kechishni taklif qildi. 

"Paradlar avval bo‘lmagan, ular Sobiq ittifoq zamonlarida kiritilgan va bu hattoki urushdan keyinoq ham bo‘lmagan. Davlatimizda urush ketayotgan bir paytda bizda paradlar davom etmoqda. Nazarimda, bu tahqirlash, frontning old qatorlarida poyabzalsiz va formasiz turgan jangchilarning yuziga tufurishdir", deb aytdi Savchenko.

Avvalroq Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko 24 avgustda – Ukraina mustaqilligi kunida harbiy parad o‘tkazilishi haqidagi farmonni imzolagandi.

Poroshenko Ukraina hukumatiga paradga tayyogarchilik ko‘rish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishni, Davlat televideniye va radio qo‘mitasiga uning translyatsiyasini ta'minlashni buyurgandi.

Prezident maslahatchisi Yuriy Biryukov paradda 200 ga yaqin texnika birligi Kiyev markazidan o‘tishini ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: