Rossiya Mudofaa vazirligining Podolskdagi arxivida reyxsfyurer Genrix Gimmler kundaliklarining yangi bo‘laklari topildi. Unda yuksak lavozimli natsistning kundalik hayotida sodir bo‘lgan hayratlanarli voqealar aks ettirilgan. Bu haqida BBC xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Gimmler kundaligida 10 nafar polyakni qatl qilishdan oldin uni uqalashgani (massaj), shuningdek unga “Buxenvalddagi tamaddi yoqqani” yozilgan.
Bundan tashqari, natsist SS’chilarga itlarni “odamlarni burdalab tashlaydigan” qilib mashq qildirishni buyurgani to‘g‘risida yozgan.
Topilma Moskvadagi Germaniya tarix instituti tomonidan o‘rganilmoqda. Kundaliklar 1938, 1943 va 1944 yillarga taalluqli. Gimmler kundaligi yangi bo‘laklarining chop etilishi bilan Germaniyaning Bild nashri shug‘ullanadi.
Bundan avval tarixchilar Gimmlerning 1941, 1942 va 1945 yillardagi kundaliklarini o‘rganib chiqishgan.