Indoneziya hukumati ommalashib ulgurgan Pokemon Go o‘yinidagi maxluqlarni ovlashni mamlakatning barcha maktablarida taqiqlashni rejalashtirmoqda.
"Hozirda, ta'lim muassasalariga o‘yin o‘rnatish mumkin bo‘lgan smartfonlar bilan kelishni taqiqlash yuzasidan maxsus farmoyish tayyorlangan", - deya ma'lum qilgan Ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish hamda bolalarni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha vaziri Yoxana Susana Yyembise jurnalistlar bilan suhbatda.
"Bu kabi ko‘ngilochar mashg‘ulotlar bolalarning aqliy rivojlanishiga sezilarli salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Ularni dangasa va yalqovga aylantiradi, shu bois biz ehtiyot choralarini ko‘rmoqdamiz", - degan vazirlik rahbari.
Shu bilan birga, bu taqiq qachondan kuchga kirishiga oydinlik kiritilmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pokemon Go ommalashib borayotgani "texnologiyalarning tez sur'atlarda rivojlanib borayotgani bilan izohlanadi, shu bois ota-onalar ham bolalarini nazorat qilishi va ularning bunday qiziqishlarga mukkasidan ketishiga yo‘l qo‘ymasliklari maqsadga muvofiq".
Bularning o‘rniga "bolalarni ularning qobiliyatlarini rivojlantiruvchi boshqa mashg‘ulotlar bilan band qilish lozim".
Ta'kidlanishicha, Indoneziya prezidenti saroyi, politsiya bosh idorasi va mudofaa vazirligi binolarida ham pokemonlarni ovlashga rasmiy taqiq joriy qilingan.