Farzandingiz aqlli va baxtli bo‘lishini istasangiz, uni ertaroq uxlashga yotqizing

Light 20:32 / 03.08.2016 26211

Har bir ota-ona farzandining eng yaxshi, eng aqlli va eng baxtli bo‘lishini istaydi. Bolaning sog‘lom, aqlli, xotirjam bo‘lishini hamda tezroq rivojlanishini xohlasangiz, unda ushbu maqola sizlar uchun.

Siz farzandingizni ko‘chadan, ziyofatlardan, konsertlardan erta chaqirib olib, ularni tezroq uxlashga yotqizadigan ota-onalar sirasiga kirasizmi? Ehtimol, atrofdagilar sizga “Nima uchun bolani o‘z holiga qo‘ymaysan?”, “Namuncha erta olib ketding?” qabilida savollar berishar. Bunga e'tibor bermay, qat'iy javob bering: “Shunday bo‘lishi kerak”. 

Nima uchun degan savollarga olimlar aniq javobni berishdi: ularning fikricha, bolani o‘z vaqtida uxlashga yotqizish ko‘plab ustunliklarga ega. 

Agar bolalarni ertaroq uxlashga yotqizilsa, bu ularning jismoniy, ruhiy va aqliy rivojlanishi uchun foydali bo‘lar ekan. 

Bunday kun tartibi ota-onalarga ham yoqib tushishi, shubhasiz. Bolalarni uxlatib, divanga o‘tirib, birorta o‘zingizga yoqqan filmni tomosha qilishning ham gashti bor, axir. 

 

Uxlashga erta yotqizishning ustunliklari haqida so‘z yuritishdan avval quyidagilarga diqqat qilish kerak:

1.  Ba'zi oilalarga bunday kun tartibi mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

2.  Bunday kun tartibiga majburlash noto‘g‘ri, chunki har bir ota-ona qanday yo‘l tutsa, farzandiga yaxshiroq bo‘lishini biladi. 

 

Kun tartibini o‘zgartirishning nima keragi bor

Eng avvalo shuni ta'kidlash joizki, aksariyat bolalar yetarlicha uxlashmaydi. AQShda o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 30 foizi hamda o‘smirlarning yarmidan ko‘pi keragidan kamroq uxlashar ekan. Ertaroq yotishni tavsiya qiluvchi ekspertlarni esa hech kim eshitgisi kelmaydi. 

Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, farzandingizning uxlashga yotadigan vaqti uyquning davomiyligi bilan uzviy bog‘liq. Bu oddiy bog‘liqlik emas. Agar bola 20 daqiqaga ertaroq uxlashga yotsa, bu uning 20 daqiqa ko‘proq uxlashidan dalolat bermaydi. Yo‘q, kech uxlashga yotadigan bolalarning uyquga ketishi qiyin bo‘ladi hamda yarim kechasi uyg‘onib ketishadi, bu esa uyquning yetishmovchiligini kafolatlaydi. 

Tadqiqotchilar 7-11 yoshli bolalarning ota-onalaridan farzandlarini besh kun davomida bir soatga ertaroq uxlashga yotqizishni so‘rashganida, ularning o‘rtacha 27 daqiqa ko‘proq uxlashgani ma'lum bo‘lgan. 

Biroq bu hammasi emas. Maktab o‘qituvchilarining qayd etishlaricha, tajriba o‘tkazilayotgan o‘quvchilar tadqiqot davomida odatdagidek jahldor va notinch bo‘lishmagan. Yana bir tadqiqotga ko‘ra, uxlashga bir soat erta yotgan 8-12 yoshdagi bolalarning xotirasi yaxshilanib, diqqati jamlangan. 

Shuningdek uxlashga erta yotish bolalardagi g‘azabni kamaytirish, ijtimoiy munosabatlarni yaxshilashda yordam beradi, tayanch-harakat tizimi faoliyatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. 

Yaxshi dam olgan bolalar kam uxlaydiganlarga qaraganda o‘zlarini boshqacha tutishadi. Uxlashga ertaroq yotish o‘smirlarga ham foyda keltiradi. 

Olimlarning aniqlashicha, soat 22:00da uxlashga yotgan o‘smirlarda depressiyaga moyillik 24 foizga kam bo‘lganligi ma'lum bo‘lgan. 

Tadqiqot o‘tkazilayotgan bolalarning dunyoqarashi va o‘zini qanday his qilishi faqat uyquga bog‘liq emas, albatta. Bunda o‘smirning hayot tarzi, ota-onasi bilan munosabati hamda ruhiyati muhim o‘rin tutadi. 

Ha, aytgancha, dam olish kunlari ko‘p uxlash ham sog‘liq uchun zarar.

Tadqiqotlarning natijasiga ko‘ra, o‘smirlar shanba va yakshanba kunlari qancha ko‘p uxlashsa, diqqatni jamlovchi testlarda shuncha ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yishgan. 

Uyquning davomiyligi va moddalar almashinuvi o‘rtasida ham qiziq bog‘liqlik mavjud. Olimlarning ma'lum qilishlaricha, yetarlicha uxlamaydigan kishilar ortiqcha vazn to‘plashga ko‘proq moyil bo‘lishar ekan. 

 

Bola soat nechada uxlashga yotishi kerak

Bola soat nechada uxlashga yotsa, yaxshiroq bo‘lishini qanday tushunish mumkin? Bu savolga aniq bir vaqtni aytib, hamma uchun birdek javob berib bo‘lmaydi. Bolaning yoshi, kun tartibi va boshqa omillarni inobatga olish kerak. Shunday ekan, bu borada tajriba qilib, farzandingizning kayfiyati va o‘zini tutishidagi o‘zgarishlarni kuzatib, unga mos vaqtni o‘zingiz belgilashingiz mumkin. 

Farzandingizni bir necha kun davomida 20 daqiqa ertaroq uxlashga yotqizib ko‘ring-chi. Agar bola osonlikcha uxlasa, demak, unga haqiqatda ham ko‘proq uyqu zarur.

Bundan tashqari, bola uchun eng maqbul vaqtni aniqlab olgunga qadar farzandingizning smartfon o‘ynamasligi va uyqu oldidan televizor ko‘rmasligini qat'iy nazorat ostiga oling. 

Agar bola juda erta uyg‘onib olsa yoki o‘zini biroz boshqacha tutsa, bu uning kechroq uxlashga yotishi kerakligidan dalolat bermaydi. Uyqu yetishmasa, inson organizmi kortizol va adrenalin ishlab chiqara boshlaydi. Shu bois bolaning uyquga ketishi ham qiyinlashadi, yomon va kam uxlaydi. Bunday holatga duch kelsangiz,  bolani ertaroq uxlashga yotqizishga odatlaning. 

Bu fikrlar va takliflar yaxshi, albatta. Biroq ularni amalga oshirishga kelganda, ma'lum bir qiyinchiliklar paydo bo‘lishi mumkin. Bolaning yangicha kun tartibiga moslashish kim uchundir oson kechar, ammo qolganlar-chi? Ular nima qilishi kerak? Ular bolani odatdagidan 20 daqiqa avval uxlashga yotqizishga urinib ko‘rishlari lozim. Hattoki mana shunday kichik qadam ham kerakli natijalarga olib kelishi mumkin. 

Bunday chora qo‘llashning ham o‘ziga yarasha salbiy tomonlari bor. Do‘stlaringiz yoki yaqinlaringiz sizni farzandingizga nisbatan haddan ziyod qattiqqo‘llikda ayblashlari mumkin. 

Siz o‘z so‘zingizni himoya qila bilishingiz darkor: hamma ota-onalar ham bolalarni erta uxlashga yotqizmasligi sizni o‘ylantirib qo‘ymasligi kerak. Bu maqolani hamma o‘qimagan, axir. Agar uni o‘qiganlarida edi, buning naqadar foydali ekanligini anglab yetgan bo‘lishardi. 

Ko‘proq yangiliklar: