BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Rio-de-Janeyroda Olimpiya mash'alasi estafetasi va Olimpiada ochilishi marosimida ishtirok etadi, deb ma'lum qildi bosh kotib vakili Stefan Dyujarrik.
Dyujarrikning aytishicha, Pan Gi Mun Rio-de-Janeyroda Braziliyaning amaldagi prezidenti qabul qiladigan davlatlar yetakchilari yig‘ilishida ishtirok etadi. "Bosh kotib shuningdek Olimpiya qishlog‘iga tashrif buyuradi va qochqinlar Olimpiya jamoasi bilan uchrashadi", deb aytdi Dyujarrik.
Olimpiada 5-21 avgust kunlari, Paralimpiada esa 7-18 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
O‘tgan haftada Pan Gi Mun "Olimpiada vaqtida barcha adovatda bo‘lgan tomonlarni qurollarni tashlashga va barcha kelishmovchiliklarni chetga surishga" chaqirib, Olimpiya yarashuvini e'lon qilgandi.