AQSh Davlat departamenti: Eron bilan yadroviy kelishuv hech qachon ishonchga asoslanmagan

Jahon 07:02 / 03.08.2016 3925

Eron yadroviy dasturi bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi ishonchli munosabatlarga qurilmagan. AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati boshlig‘i Jon Kirbi 2 avgustda Eron diniy rahnamosi va rahbari oyatulloh Ali Hameneiyning so‘zlariga shunday izoh berdi.

"Bu kelishuv hech qachon ishonchni nazarda tutmagan. U tekshiruv, kelishuv bandlariga amal qilishni tekshirishning qattiq tartibini nazarda tutgan. Shuning uchun diniy yetakchining barcha so‘zlariga hurmat bilan qarasak-da, kelishuv hech qachon ishonchga asoslanib qurilmagan", deb aytdi Kirbi jurnalistlarga.  

Kirbining aytishicha, Tehron va kelishuvning boshqa ishtirokchilari o‘z majburiyatlarini bajarmoqdalar va uni bajarishda davom etishlariga umid qiladi. Kirbi Eron Suriyaga ko‘mak berish xalqaro guruhi a'zosi bo‘lib qolishiga ham umid bildirdi.

1 avgustda Hameneiy o‘tgan yili Eron va olti davlat bilan tuzilgan yadroviy dastur bo‘yicha kelishuv "dushmanlarga ishonish mumkin emasligining" yaqqol isboti bo‘lganini aytgandi.

"Hech qanday vaziyatda dushmanlarga ishonib bo‘lmaydi. Bunga yadroviy dastur bo‘yicha kelishuv yaqqol namuna va ishonchli isbot bo‘ldi. Bugun kelishuvda ishtirok etgan diplomatlar ham AQSh o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmayotganini tan olmoqdalar. Ularning quruq va'dalari ortida aslida Eronning boshqa davlatlar bilan iqtisodiy aloqalariga to‘sqinlik qilish va uni barbod qilish yashirinadi", deb aytgandi Hameneiy Eron jamoatchiligi bilan uchrashuvda.

Ko‘proq yangiliklar: