O‘z uyimda yakka tadbirkor sifatida sartaroshlik faoliyatini amalga oshirsam uy-joy uchun to‘lanadigan mol-mulk va yer soliqlari ko‘proq to‘lanadimi? Umuman shunday tartibda faoliyat yuritsam qanday soliq to‘lovlari to‘lanadi?
Ushbu savolga Davlat soliq qo‘mitasining bo‘lim boshlig‘i Nozim Qodirov javob berdi:
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 276 va 291-moddalariga asosan tadbirkorlik faoliyatida foydalaniladigan yer uchastkalari uchun yoxud uylar, dala hovli imoratlari, yakka tartibdagi garajlar va boshqa imoratlar, inshootlar, joylar yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berilganda, shuningdek, jismoniy shaxslarning mulkida bo‘lgan, yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar va ular egallagan yer uchastkalari uchun jismoniy shaxslardan mol-mulk va yer soliqlari yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari uchun belgilangan stavkalar bo‘yicha undiriladi hamda imtiyozlar ularga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Biroq jismoniy shaxs yer uchastkasi va turar joydan, unda joylashgan uyda istiqomat qilish bilan bir vaqtda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, mol-mulk va yer solig‘i jismoniy shaxslar uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘lanadi.
Ya'ni, agar siz o‘z yashash joyingizdagi yer uchastkasi va turar joyingizda sartaroshlik faoliyatini amalga oshirsangiz, ushbu yer uchastkasi va turar joyga nisbatan mol-mulk va yer soliqlari qo‘shimcha, ya'ni yuridik shaxslar uchun belgilangan stavkalarda to‘lanmaydi.
Endi ikkinchi savolingizga to‘xtalib o‘tsak. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 yanvardagi 6-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati»ga muvofiq yakka tartibdagi tadbirkorlar sartaroshlik xizmatini ko‘rsatishlari mumkin.
Soliq kodeksining 375-moddasiga asosan soliq to‘lovchining kalendar oyida ishlagan kunlari sonidan qat'i nazar, qat'iy belgilangan soliq tadbirkorlik faoliyatining turi va soliq to‘lovchining faoliyatni amalga oshirish joyiga qarab belgilangan stavkalar bo‘yicha to‘lanadi.
Yangi ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkor, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlik sub'yekti qat'iy belgilangan soliqni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan oydan keyingi oydan boshlab to‘laydi.
Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari kollejni tamomlagandan keyin o‘n ikki oy ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan taqdirda, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanadan e'tiboran qat'iy belgilangan soliqni to‘lashdan olti oy muddatga ozod etiladi. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tilgan paytdan boshlab o‘n ikki oy ichida faoliyat tugatilgan taqdirda, qat'iy belgilangan soliq faoliyat amalga oshirilgan butun davr uchun to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 22 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2016 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjyeti parametrlari to‘g‘risida»gi PQ-2455-sonli qarorining 12-ilovasiga muvofiq, sartaroshlik faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar 2016 yilda oyiga Toshkent shahrida eng kam ish haqining 3,5 baravari, Nukus shahri va viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlarda 1,5 baravari, boshqa aholi punktlarida 0,5 baravari miqdorida qat'iy belgilangan soliq to‘laydi.
Qat'iy belgilangan soliq stavkalari yil boshiga – 2016 yilning 1 yanvariga belgilangan eng kam ish haqidan (130240 so‘m) kelib chiqib aniqlanadi va eng kam ish haqi miqdori yil davomida o‘zgarganda qayta ko‘rib chiqilmaydi.
Soliq kodeksining 311-moddasiga asosan yakka tartibdagi tadbirkorlar kalendar oyida ishlagan kunlari sonidan qat'i nazar, sug‘urta badallarini majburiy tartibda oyiga eng kam ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda to‘laydilar.
Yangi ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan sug‘urta badallarini to‘lash ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan oydan keyingi oydan boshlab amalga oshiriladi.