Tojikistonda davlat tili me'yorlarini buzgan jurnalistlar jarimaga tortiladi

Jahon 20:41 / 02.08.2016 4539

Tojikiston hukumati huzuridagi til va atamashunoslik qo‘mitasi tojik tili me'yorlarini buzgan jurnalistlarni jarimaga tortadi, deb ma'lum qildi 1 avgustda matbuot-anjumanda qo‘mita boshlig‘i Gavhar Sharifzoda.

"Biz amal qilishimiz kerak bo‘lgan imlo qoidalari, davlat tili me'yorlari talablari bor", deb aytdi Sharifzoda.

Sharifzodaning aytishicha, jurnalistlar notanish so‘zlardan foydalana boshlaganlar. "Ba'zi jurnalistlar o‘z materiallarida bir kunning o‘zida oddiy o‘quvchi va tinglovchiga tushunarsiz 10 tagacha shunday so‘zlarni ishlatayotgan holatlar mavjud. Bunda davlat tili me'yorlari qo‘pol ravishda buzilmoqda", deb qo‘shimcha qildi Sharifzoda.  

Tilshunos mutaxassis Naima Muqimzodaning fikricha, Tojikiston OAVda ko‘pincha forschadagi so‘zlar va bu tildagi atamashunoslik ishlatiladi. 

O‘z navbatida Til va atamashunoslik qo‘mitasining huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i Shodmon Jamoliddinzodaning aytishicha, til me'yorlarini buzganlarga solinadigan jarima miqdori jismoniy shaxslar uchun 15 tadan 20 tagacha hisob ko‘rsatkichlari (75 dollardan 100 dollargacha), yuridik, mansabdor shaxslarga 30 tadan 40 tagacha hisob ko‘rsatkichlarini (150 dollardan 200 dollargacha) tashkil qiladi. 

"Teleko‘rsatuvlar va radiodasturlarni ko‘rib-eshitadigan, gazetalarni o‘qiydigan maxsus guruh yaratiladi, bu haqda gazetalar, axborot agentliklari, televideniye va radio muharrirlari va jurnalistlariga qo‘shimcha ma'lum qilinadi", deb aytdi Jamoliddinzoda.

Ko‘proq yangiliklar: