O‘zbek adabiyotining ozarbayjonlik tolmas tadqiqotchilaridan biri filologiya fanlari doktori, professor Almas Ulvi (Binnatova)dan yana bir xushxabar oldik. Professorning o‘zbek adabiyoti, ozarbayjon-o‘zbek adabiy aloqalariga doir tadqiqotlari jamlangan “O‘zbek adabiyoti” kitobining Ozarbayjonda nashr etilishi bizni quvontirdi. Bu o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari yo‘lidagi olimaning ko‘p yillik izlanishlari, tinimsiz mehnati samarasi, qolaversa, o‘zbek adabiyotiga bo‘lgan ulkan ehtiromi, desak adashmagan bo‘lamiz. Shu o‘rinda, Almas Ulviga cheksiz minnatdorchiligimizni bildirib, o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi ishlariga ulkan rivoj tilaymiz! Quyida “O‘zbek adabiyoti” kitobiga Ozarbayjon Milliy Bilimlar Akademiyasining vitse-prezidenti, AMeA Nizomiy nomli Adabiyot institutining direktori, akademik Iso Habibeyli tomonidan yozilgan so‘zboshi tarjimasini hukmingizga havola etamiz!
DUNYo ADABIYoTI UChUN AHAMIYaTLI ISh
Iso Habibeyli
Buyuk shoir Mir Alisher Navoiy she'riyatining mislsiz sehri ila o‘zbek adabiyoti dunyosiga kirdik. Navoiy uchun she'riyatga yangi yo‘l ochgan Sulton Husayn Boyqaro lirikasida ko‘ngil malhamlarini sezdik. Shunday asarlarning har qatida mavjud poetik namunalardagi ishq go‘zalliklariga oshiq bo‘lmaslik mumkin emasligiga shohid bo‘ldik.
Zahiriddin Muhammad Boburning bir qo‘lida qilich, bir qo‘lida qalam tutib yaratgan ilk memuar asari “Boburnoma”dan tortib Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar”ini varaqladik.
XX asrning ulkan namoyandalari Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Xolid Said Xojayev, Maqsud Shayxzoda tafakkuridan taralgan va ularning buyuk iste'dodidan tug‘ilgan ijod namunalari bilan tanishdik. Shuningdek, Oydin Hojiyeva, Xosiyat Rustamova, O‘ktamoy poeziyasidan bahramand bo‘ldik.
Nizomiy, Yunus Emro, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Bobur, Maxtumquli, Abay, Jovid, To‘qay adabiy merosi go‘zalliklarini, bashariyat uchun qoldirgan ulkan falsafasini Saidaxon Narzullayeva, Suyuma G‘aniyeva tadqiqotlarida yana bir bor tanishdik.
Yuqorida nomlari qayd etilgan shaxslarning asarlari, tadqiqotlaridan ozarbayjon-o‘zbek adabiy aloqalarining qadim va buyuk an'analari bir ildizdan iborat ekaniga shohid bo‘ldik. O‘zbek adabiyotining klassik shoiri Alisher Na voiyning Ozarbayjonning buyuk shoiri Nizomiy Ganjaviyga ehtiromi yuksak bo‘lgan.
Alisher Navoiy ijodi qarshisida dunyo she'riyatining yana bir ulkan vakili Fuzuliy ham hayajonini yashirolmagan.
Ozarbayjon va o‘zbek adabiyotlari tarixida bu an'analar uzoq asrlardan buyon davom etib kelmoqda. Bu an'ana XIX asrda va XX asr boshlarida Ozarbayjonda Alisher Navoiy, O‘zbekistonda Nizomiy Ganjaviy va Muhammad Fuzuliy misralariga yozilgan naziralar, mavzu va syujyet o‘xshashligi jihatlarida namoyon bo‘ldi. XX asrda sovet tuzumi sharoitida qadimdan buyon kelgan bu an'analar biroz sustlashgan bo‘lsa-da, xalqlarimiz orasidagi adabiy-madaniy aloqalar to‘xtab qolmadi, imkon darajasida davom etdi. Ozarbayjon va O‘zbekiston davlatlari mustaqilikka erishgandan so‘ng o‘lkalarimiz o‘rtasidagi aloqalar tarixida yangi sahifa ochildi.
Ozarbayjon Milliy Bilimlar Akademiyasi Nizomiy nomli Adabiyot institutining “Ozarbayjon-Turkmaniston-O‘zbekiston adabiy aloqalari” sho‘'basining mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Almas Ulvi (Binnatova)ning Ozarbayjon-O‘zbekiston adabiy aloqalarining ko‘p asrlik yo‘li, buyuk san'atkorlarning abadiy do‘stligi haqidagi tadqiqotlarida buyuk an'analarning bir necha asrlik tajribalari umumlashuvi va davomiyligi mujassamlashuvini ko‘rishimiz mumkin.
Almas Ulvi o‘lkamizda Ozarbayjon-O‘zbekiston adabiy aloqalari borasidagi tadqiqotlari bilan tanilgan olimalardan biri. Ozarbayjon adabiyotiga ulkan muhabbat, o‘zbek adabiyotiga o‘zaro qardoshlik, do‘stlik va an'analarga buyuk ehtirom Almas Ulvining adabiy aloqalarga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlarida o‘z aksini topgan, desak aslo xato bo‘lmaydi. Shuni ta'kidlash lozimki, Almas Ulvi adabiy aloqalarning kam o‘rganilgan, hatto no'malum sahifalarni ochishga, tadqiq etishga diqqatini qaratadi va uning har bir ishida yangi bir jihatlar yoritiladi. U har bir tadqiqotida yangi so‘z ayta oladi.
Shu ma'noda, Almas Ulvi tadqiqotlari ila Ozarbayjon-O‘zbekiston adabiy aloqalarining qiymati yanada oshgan va boyigan, desak bo‘ladi. Bu esa xalqlarimiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik aloqalarini yanada mustahkamlash va taraqqiy etishiga xizmat qiladi. Bunga shak-shubha yo‘q.
Bu mamlakatlarimiz va dunyo uchun ahamiyatlidir.
Obid ShOFIYeV tarjimasi
Manba: Kh-davron.uz (O'zbekiston Xalq shoiri Xurshid Davron sayti).