Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning ma'lum qilishicha, mamlakat aholisining 57 foizlik qismi o‘lim jazosi tiklanishini qo‘llab-quvvatlaydi.
"Buni fuqarolarning 57 foizi istamoqda, agar parlament o‘lim jazosi tarafdori bo‘lsa, bunga hech kim qarshilik ko‘rsata olmaydi", degan u Italiyaning RaiNews24 telekanaliga bergan intervyusida.
Bundan avvalroq prezident Turkiyadagi harbiy to‘ntarishdan so‘ng mamlakatda o‘lim jazosi tiklanishi mumkinligi haqida aytib o‘tgandi. Uning so‘zlariga munosabat bildirarkan, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini xonim bu ish amalga oshsa, Turkiyaning xalqaro tuzilmaga qo‘shilishi imkonsiz bo‘lib qolishidan ogohlantirdi.
Turkiya adliya vaziri Bakir Bo‘zdog‘ o‘lim jazosining qaytarilishi xalq irodasiga bog‘liqligini ta'kidladi.
Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunker Anqara mamlakatda o‘lim jazosini tiklagudek bo‘lsa, Yevroittifoq Turkiyaning tuzilmaga kirishi yuzasidan muzokaralarni zudlik bilan to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilishini bildirdi.
Ma'lumot uchun, Turkiyada Yevroittifoq me'yorlariga mutanosib bo‘lish uchun 2004 yili o‘lim jazosini bekor qilingan. Mamlakatda 1984 yildan beri oliy jazo ijro etilmaydi.