Erdo‘g‘an terrorizm va Turkiyadagi isyon ortida G‘arb mamlakatlari turganini aytdi

Jahon 19:50 / 02.08.2016 16981

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning aytishicha, G‘arb mamlakatlari terrorizmni qo‘llab quvvatlamoqda. The Hürriyet Daily News xabariga ko‘ra, prezident 15 iyul oqshomidagi voqealar uchun ham aybni shu mamlakatlar zimmasiga yuklagan.

"Savol: G‘arb terrorizmni qo‘llab-quvvatlaydimi yoki yo‘q? G‘arb demokratiya tarafdorlarini qo‘llaydimi yoki terror va isyonlar ortida turadimi? Javob shunday, Afsuslar bo‘lsinki, aynan G‘arb terrorni qo‘llab-quvvatlaydi va aynan ular Turkiyadagi isyonchilar ortida turgan kuchdir", - degan Erdo‘g‘an, Anqaradagi investorlar forumi vaqtidagi chiqishida.

Prezident shuningdek, Anqara o‘z ittifoqchilaridan kutilgan yordamni olmayotgani haqida ta'kidlab o‘tgan. 

"G‘arbdagi biron davlat rahbari Turkiyaga kelib hamdardlik bildirmadi", degan Erdo‘g‘an.

Turkiya rahbari Fathulloh Gulenni yana bir marta davlat to‘ntarishiga urinish tashkilotchisi sifatida ayblagan va isyonchilar tashqaridan rejalashtirilganini ta'kidlagan. U aynan bir mamlakat nomini keltirmagan.

Qayd etish kerakki, sobiq imom Fathulloh Gulen 1999 yildan buyon AQShda istiqomat qilib keladi.

15 iyul oqshomida harbiylar Turkiyada davlat to‘ntarishi amalga oshirishga harakat qilishdi. Isyon bostirildi. Turkiya hukumati ilk soatlardayoq isyon ortida Fathulloh Gulen turganini ma'lum qildi.

Turkiya ikki marta AQShdan Gulenni topshirishini so‘rab, rasmiy so‘rov jo‘natdi.

Isyon boshlangach to‘qnashuvlar vaqtida tinch aholi orasida 240 kishi halok bo‘ldi va 2 mingdan ortiq kishi jarohatlandi.

Isyondan keyin boshlangan yalpi tozalash ishlari doirasida 80 mingdan ortiq harbiy, politsiyachilar, sudyalar, amaldorlar va o‘qituvchilar ishdan bo‘shatildi. Shuningdek, 15 mingdan ortiq kishi qo‘lga olindi yoki tergovga chaqirildi. Hibs qilingan harbiylar soni 10 ming nafarga yaqinlashgan.

Ko‘proq yangiliklar: