AQShning avtomobillar haqidagi e'lonlar sayti Copart’da 1996 yilda ishlab chiqarilgan, yonib ketgan Porsche 911 Carrera mashinasi sotuvga qo‘yildi. E'lonning taxminiy narxi degan joyida 95 ming dollar ko‘rsatilgan.
Ehtimol sotuvchi mashinaning tiklangandan keyingi narxini nazarda tutgan. Chunki 1990-yillar o‘rtalarida ishlab chiqarilgan yaxshi holatdagi Porsche 911’ni AQShda 60 ming dollarga sotib olish mumkin. Yonib ketgan mashinaning ta'miri esa yangi egasiga 195 ming dollarga aylanadi.
Yonib ketgan va pachoqlanib yotgan kuzovni e'lon sahifasida stavkani joylashtirib sotib olish mumkin. Ayni vaqtda birorta stavka qilinmagan, savdolar 9 avgustda yakunlanadi.
2015 yil aprelda Porsche kompaniyasi 1972 yilda o‘z sinfida "Le-Man 24 soat ichida" marafonini yutgan noyob 911 2.5 S/T poyga mashinasini tiklagandi. Mashina vayron holatda ikki yil avval amerikalik kolleksionerda topilgan.