Yaponiya hukumati iqtisodiyotga turtki berish bo‘yicha 28,1 trln iyen (274 mlrd dollarga yaqin) miqdorida yordam ko‘rsatishni tasdiqladi. Vazirlar mahkamasining yig‘ilishida shunday qaror qabul qilingan.
Avvalroq, Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bu kabi choralar bilan "nafaqat bugungi kungi talab kuchaytiriladi, balki xususiy talab vositasida barqaror iqtisodiy o‘sish amalga oshirilish"ini ta'kidlagandi. U, shuningdek, barcha a'zolari faol turmush tarzini kechiruvchi jamiyat barpo etish dasturi haqida so‘z yuritgan, deb xabar qilmoqda Kiodo agentligi.
Yaponiya iqtisodiyotiga turtki berish dasturiga ko‘ra, turli sohalar qatori bolalar bog‘chalari va bemorlarga xizmat ko‘rsatish muassasalari xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash, kompaniyalar ishchilari hamda ish beruvchilarning sug‘urta badallarini kamaytirish, shuningdek, infratuzilmalarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Xususan, 2045-yilga kelib, Tokio va Osaka shaharlari orasida magnit yostiqchalarida harakatlanadigan "Maglev" poyezdlari tarmog‘ini ishga tushirish, turizmni rivojlantirish infratuzilmalari qurilishi belgilangan.
Mablag‘larning bir qismi, Britaniyaning YeIdan chiqishi tufayli zarar ko‘rishi ehtimoli bo‘lgan, Yevropada faoliyat yurituvchi Yaponiya kichik va o‘rta biznes vakillariga taqdim etiladi. Shu bilan birga, iste'mol mahsulotlari savdosini ko‘paytirish maqsadida, kam daromadli kishilarga oyiga 15 ming iyendan yordam puli ajratiladi.
Hukumat dasturi qo‘shimcha byudjyet hisobiga qoplanadi. Yirik infratuzilma loyihalariga uzoq muddatli kreditlar taqdim etiladi.
Mamlakat parlamenti shu yilning sentabr oyida bo‘lajak navbatdan tashqari sessiyasida qo‘shimcha byudjyet loyihasini muhokama etadi.