Joriy yilning boshida Twitter kompaniyasi haddan ziyod tajovuzkor va qo‘pol foydalanuvchilar bilan kurashuvchi yangi bo‘limning ochilgani to‘g‘risida ma'lum qilgandi. Yahoo kompaniyasi undan ham ilgarilab ketdi. Ma'lum bo‘lishicha, Yahoo Labs mutaxassislari maxsus algoritm ishlab chiqishga muvaffaq bo‘lishdi.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, u Internetdagi haqoratlar va tahdidlar bilan kurashishga qaratilgan eng yaxshi avtomatik filtrlardan biri hisoblanadi.
Yahoo Labs mutaxassislari o‘z algoritmini yaratishda mashina ta'limidan foydalanishgan. Bunday yondashuv tufayli yangi ishlanma hattoki niqoblangan haqoratlarni ham fosh qilishga yordam beradi.
Manbaga ko‘ra, Yahoo Labs'ning yangi algoritmi haqorat va tahdid yashiringan 90 foiz yozuvlarni saralash imkonini beradi. Biroq Britaniyaning Ijtimoiy media tahlili markazi mutaxassislarining fikricha, bunday tizim hozircha to‘liq samara bera olmaydi, bu birinchi navbatda birgina ta'kidning foydalanuvchilar tomonidan turlicha tushunilishi bilan bog‘liq.