Istanbul sudi Turkiyadagi harbiy to‘ntaruvga aloqadorlikda gumon qilinib, qo‘lga olingan 758 nafar harbiyni ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqida Anadolu agentligi xabar berdi.
Qo‘lga olinganlarni ozod qilish to‘g‘risidagi qaror ular bergan ko‘rsatmalardan keyin prokuratura taklifiga binoan qabul qilingan. Sud jami 989 nafar harbiyning ishini ko‘rib chiqqan, ulardan 231 nafari panjara ortida qolgan.
16 iyulga o‘tar kechasi Turkiyada isyonchi guruhlar harbiy to‘ntaruv harakatini amalga oshirishgan. Asosiy to‘qnashuvlar Anqara va Istanbul shaharlarida bo‘lib o‘tgan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, buning natijasida 246 nafar turk fuqarosi halok bo‘lgan (isyonchilarni hisobga olmaganda), 2 mingdan ortiq kishi jarohat olgan.