O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Unda Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar raislari, Oliy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi a'zolari, Oliy Majlis Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas'ul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda “Sudlar tomonidan voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalar ta'minoti uchun aliment undirishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida” va “Arizani qabul qilishni rad etish, arizani ko‘rmasdan qoldirish va ish yuritishdan tugatish bilan bog‘liq protsessual normalarni qo‘llash masalalari to‘g‘risida”gi Oliy sud plenumi qarorlari muhokama etildi.
Plenum qarorida aliment to‘lash bilan bog‘liq bo‘lgan nizolarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal qilish bolalar manfaatlari himoyasining muhim kafolatlaridan biri hisoblanishini nazarda tutib, sudlarga bu qonun hujjatlariga qat'iy rioya etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Oliy sud Plenumi yig‘ilishida ishtirokchilar tomonidan “Arizani qabul qilishni rad etish, arizani ko‘rmasdan qoldirish va ish yuritishdan tugatish bilan bog‘liq protsessual normalarni qo‘llash masalalari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ham muhokama etildi.
Oliy sud Plenumi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ham muhokama etildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan Plenum qarori loyihalari amaldagi qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llash, yagona sud amaliyotini shakllantirish, bir so‘z bilan aytganda, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlov samaradorligini yanada oshirishga qaratilgani bilan e'tiborlidir.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.Abdullayev ishtirok etdi.